DXXga ishga kiritishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmasdan, qayta jinoyatga qoʻl urgan
U oʻzini DXX xodimi deya tanishtirib, mahalliy fuqaroni davlat xavfsizlik organlariga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, turli bahonalar bilan aldab jami 30 ming AQSh dollari va 510 mln. soʻm pul mablagʻlarini olgan. Bundan tashqari ushbu fuqaroning qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, hozirgacha 4 ming AQSh dollari olgan.
Jinoyatchi soʻralgan 10 ming AQSh dollari hisobidan yana 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida istiqomat qiluvchi shaxs fuqaroni Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga kiritib qoʻyish evaziga 7 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 68-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.