Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining “Moʻgʻulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida qator amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Shu maqsadda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi ishchi guruh Moʻgʻulistonga xizmat safarini uyushtirdi.
Xizmat safari davomida Moʻgʻulistonning “Jargalant Sheep”, “West Point”, “Marble Meat” korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar olib borilib, yuboriladigan qoʻylarni yetkazib berish boʻyicha yurtimizning 40 dan ortiq fermer xoʻjaliklari oʻrtasida shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, Moʻgʻulistonning 27 nafar goʻsht ishlab chiqaruvchi kushxonalari va oʻzbekistonlik tadbirkorlar oʻrtasida kooperatsiya tashkil etildi. Ushbu kooperatsiya orqali kelgusi yilda Oʻzbekistonga goʻsht importi 3 barobarga oshirilib, 3 ming tonna arzon va sifatli goʻsht yetkazish choralari belgilab olindi.
Safar doirasida ilk bosqichda ming bosh “Bayad” zotli qoʻylar aviareys orqali Navoiy viloyatiga yetkazib berildi.
Rejaga koʻra, oktabr oyi yakuniga qadar muntazam 60 ta reysda 50 ming bosh, noyabr–dekabr oylarida yana 50 ming bosh qoʻy Oʻzbekistonga olib kelinadi. Shu tariqa yurtimizga jami 100 ming bosh qoʻy kirib kelishi belgilangan.
Shuningdek, Moʻgʻuliston Bosh vaziri oʻrinbosari S.Amarsayxon bilan muzokaralar oʻtkazilib, qoʻy va echkilarni eksport qilishda davlat bojini 18 dollardan 7 dollarga tushirish boʻyicha kelishuvga erishildi.