Joriy yilning 26 iyul kuni Samarqand viloyatining Toyloq tumanida mudhish voqea yuz berdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘shiqchi ayolning turmush o‘rtog‘i farzandlarini ko‘rish maqsadida uning uyiga kelgan. Ammo uchrashuv davomida er-xotin o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqqan. Mojaro janjalga aylanib, fojia bilan yakunlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, er ayolini qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Marhuma 33 yoshda bo‘lgan, ayolning o‘limidan so‘ng uch nafar farzand yetim qolgan.
“Opam bunday o‘limga loyiq emasdi. O‘sha kuni men ishda edim. Tez yordam tizimida ishlayman. Soat to‘rtlar atrofida xotinim menga qo‘ng‘iroq qilib, onam yig‘layotganini, opam bilan nimadir bo‘lganini aytdi. Onamga telefon qilganimda, kuyov uni o‘ldirganini bildim”, — deydi marhumaning ukasi.
Voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Rasmiylar yaqin kunlarda qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.