O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Kuvaytdagi “Islom meroslari uyi” (House of Islamic Antiquities) va “Toriq Rajab muzeyi”ga ilmiy-ijodiy safar qildi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati xabar berdi.
“Islom meroslari uyi”da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muzey ko‘rgazmalari koordinatori Dr. Hadiyl Xalil Rashad bilan muzokaralar o‘tkazildi. Suhbat davomida joriy yil mart oyidagi tashrif chog‘ida kelishilgan masalalar muhokama qilindi. Jumladan, 2025 yilda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi arafasida tashkil etiladigan “O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi” xalqaro global ko‘rgazmasi doirasida Boburiylar davriga oid noyob yoqut toshlarni namoyish etish masalalari kelishib olindi.
Ko‘rgazma eksponatlari uchun jahon muzey standartlariga javob beradigan maxsus vitrinalar tayyorlanayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda Italiyaning Goppion hamda Germaniyaning Glasbau Hahn kabi nufuzli kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda shuningdek, qo‘lga kiritilayotgan artefaktlarni transportirovka, qadoqlash va vaqtinchalik saqlash tartiblari, Markaz binosida xorijiy eksponatlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida Kuvayt tomoni noyob yoqut toshlarni O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq ishlarini to‘liq o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.
Kunning ikkinchi yarmida markaz delegatsiyasi “Toriq Rajab muzeyi” direktori Ziyad Rajab va uning singlisi Nur Rajab bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga oid tayyorgarlik ishlari, muzeyda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid artefaktlar to‘g‘risidagi kitob-albom tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ziyad Rajab xalqaro ko‘rgazma uchun eksponatlar tanlab qo‘yilganini va yaqin kunlarda rasmiy taqdim etilishini bildirdi.
Kuvaytga safar natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi 2 ta muzey va 1 ta xususiy kolleksiya Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi arafasida tashkil etiladigan global xalqaro ko‘rgazmada faol ishtirok etadi. Kuvayt tomonidan O‘zbekistonga boradigan barcha eksponatlarning sug‘urta, qadoqlash va tashish ishlari muvofiqlashtirilishi kelishib olindi.