Yanvar-may oylarida O‘zbekistondan oltin eksporti 6,49 milliard dollarga yetdi. Bu Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Bu o‘tgan yilning besh oylik ko‘rsatkichidan ($4,19 mlrd) 54,8% ko‘p. Yanvarda O‘zbekiston xorijga oltin eksport qilmagan bo‘lsa, fevralda eksport 1,73 mlrd dollarni tashkil etdi, martda — 1,84 mlrd, aprelda — 1,91 mlrd, mayda — 1,01 mlrd.
Qimmatbaho metallarning umumiy eksportdagi ulushi 37,1% dan 43,8% gacha oshdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari mayda 49,66 mlrd dollarga yetdi, bu 2013 yildan buyon kuzatuvlar tarixidagi rekord ko‘rsatkich. O‘sish ketma-ket beshinchi oy davom etmoqda, yil boshidan esa zaxiralar 8,48 milliard dollarga oshdi.
Birinchi besh oyda oltin narxi 25,5% — unsiyasi uchun 2624 dollardan 3292 dollargacha oshgan. Dunyodagi geosiyosiy beqarorlik (xavfsiz aktiv sifatida oltinga talab ortib bormoqda), AQSH saylovlari va prezident Donald Trampning boj siyosati hamda AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirgani fonida bu yil qimmatbaho metallar narxi keskin ko‘tarildi.
Dunyoda oltin qazib olish bo‘yicha to‘rtinchi va O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchisi bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2024 yilda oltin qazib olish hajmini 5,4% oshirdi va rekord darajadagi 7,4 mlrd dollar daromadga erishdi. Sof foyda 2,1 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 44,6% ko‘p.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining qayd etishicha, oltin narxining beqarorligi narxlar yuqori bo‘lganda xarajatlarga inflyatsion bosim va narxlar past bo‘lganda xarajatlarni qisqartirish xavfini keltirib chiqaradi, bu esa makroiqtisodiy tebranishlarni kuchaytiradi. Shu bois O‘zbekistonga oltin narxi o‘zgarishining davlat xarajatlariga ta’sirini minimallashtirishga harakat qilish tavsiya etiladi.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston davlat moliyasi oltin narxining o‘zgarishiga sezgir va bu kabi o‘zgarishlar budjetni beqarorlashtirishi mumkin.
Xususan, oltin narxi ko‘tarilsa, eksport ko‘proq daromad keltiradi. Budjetda ko‘proq pul paydo bo‘lgach, bu davlat xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin. Ammo bunday o‘sish vaqtinchalik bo‘lishi va inflyatsion bosimni keltirib chiqarishi mumkin — iqtisodiyotda narxlar ko‘tarila boshlaydi.
Oltin narxi tushganda budjet o‘z daromadlarining bir qismini yo‘qotadi. Natijada davlat xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘lishi, bu esa iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi va ijtimoiy sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.