Turkiyaning Mardin viloyatidagi Midyat tumanida yuz bergan dahshatli hodisa ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Jumhuriyat bulvarida ikki guruh o‘rtasida sodir bo‘lgan mushtlashuv va pichoqbozlik vaqtida, qochib ketayotgan 42 yoshli qamoqxona qo‘riqchisi Faruk Akish muvozanatini yo‘qotib, yo‘lga qulab tushdi. Shu payt harakatlanayotgan mikroavtobus uni bosib ketgan. Bu haqda “Zamon.uz” xabar bermoqda.
Voqea xavfsizlik kameralari tomonidan qayd etilgan. Videoyozuvda Faruk Akishning to‘satdan yiqilib, mikroavtobus g‘ildiraklari ostida qolib ketgani aniq ko‘rinadi. Shundan so‘ng darhol voqea joyiga tibbiy yordam ko‘rsatish brigadasi va politsiya yetib kelgan.
Akishga hodisa joyida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u Midyat davlat kasalxonasiga olib borilgan. Biroq shifokorlarning barcha urinishlariga qaramay, og‘ir jarohatlar olgan Akish hayotdan ko‘z yumgan. Otopsiyadan so‘ng marhumning jasadi dafn qilingan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, mushtlashuv tadbirkor va uning xodimlari o‘rtasida noma’lum sababga ko‘ra boshlangan. Politsiya voqeani har tomonlama tergov qilmoqda. Mikroavtobus haydovchisi hibsga olingan, transport vositasi va uning davlat raqami aniqlashtirilmoqda.
Rasmiylar ushbu hodisa yuzasidan keng qamrovli tergov boshlagan bo‘lib, aybdorlar javobgarlikka tortilishi ta’kidlanmoqda. Mardin aholisi orasida bu voqea keng muhokamaga sabab bo‘lgan, ayniqsa jamoat xavfsizligi va ommaviy voqealarda tartibni ta’minlash masalalari bo‘yicha savollar tug‘ilmoqda.