AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova sirtqi ta’lim shakli tugatilishi yuzasidan fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollarga javob berdi:
5 iyundan oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun qabul boshlandi. Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.
Prezidentning joriy yil 5 maydagi PF-76-son farmoniga ko‘ra 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatildi. Mazkur talab davlat oliygohlari uchun ham, nodavlat (xususiy) oliygohlar uchun ham birdek amal qiladi.
Sirtqi ta’lim tizimi dastlab qanday maqsadda joriy etilgan edi, u o‘zini hozirgi kungacha qanchalik oqlay oldi va nima sababdan tugatildi?
JAVOB: Sirtqi ta’lim shakli 2018 yilda qayta joriy etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — mehnat faoliyatini olib borayotgan, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolarga ishdan ajralmagan holda ta’lim olish imkoniyatini yaratish edi. Bu tizim, avvalo, katta yoshdagi aholi o‘rtasida ta’limga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, shu orqali ularning malakasini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qildi.
Sirtqi ta’limning qayta tashkil etilishi natijasida yoshlar va katta yoshdagi aholi o‘rtasida oliy ta’lim bilan qamrov sezilarli darajada oshdi. Qator hududlarda ishlab yurgan fuqarolarga ta’lim olish imkoniyati yaratilishi ijobiy ijtimoiy va iqtisodiy natijalar berdi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan ushbu shaklda ta’lim olishning samaradorligi, akademik intizom, sifat nazorati, va bilimlar chuqurligi, yuqori ta’lim standartlariga rioya qilish bilan bog‘liq muammolar namoyon bo‘ldi.
Aynan shu sabablarga ko‘ra, 2025 yildan boshlab, yurtimizda oliy ta’lim sifatini yanada oshirish, ta’lim jarayonida shogird-ustoz an’analarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘qitish tizimini kuchaytirish maqsadida sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich tugatildi.
Hozirda sirtqi ta’limda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini qay tartibda davom ettiradi?
JAVOB: Sirtqi ta’lim shakliga qabul 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab to‘xtatilgan bo‘lsa-da, hozirda mazkur shaklda tahsil olayotgan talabalar uchun barcha o‘quv jarayonlari belgilangan tartibda davom ettiriladi. Ya’ni, ular tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘qishni yakuniga yetkazish imkoniyatiga egalar.
Oliy ta’lim muassasalari ushbu talabalarga o‘quv mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etish, zarur axborot-resurslar va amaliy mashg‘ulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha o‘z zimmalaridagi mas’uliyatni to‘liq bajarishi lozim. Bu esa har bir talaba uchun ta’lim sifatini ta’minlash hamda mutaxassis sifatida yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib bitirishini kafolatlaydi.
Sirtqi ta’limni tamomlagan mutaxassislarning taqdiri qanday bo‘ladi? Ularni rasmiy ishga qabul qilishda muammo bo‘lmaydimi? Ish beruvchilar tomonidan rad etilishi mumkinmi?
JAVOB: Sirtqi ta’lim shaklida tahsil olib, belgilangan tartibda diplom olgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq to‘liq oliy ma’lumotli mutaxassislar hisoblanadi. Ularga beriladigan diplom kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklidagi diplomlar bilan teng yuridik kuchga ega.
Shu bois, bunday mutaxassislarni davlat yoki xususiy sektorda rasmiy ishga qabul qilishda hech qanday huquqiy to‘siq mavjud emas. Ish beruvchilar ularning ta’lim shaklidan kelib chiqib emas, balki egallagan bilim, ko‘nikma va professional salohiyati asosida baholashi lozim.
Sirtqi ta’limni tamomlagan mutaxassislarning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi, asosan, ularning amaliy tajribasi, sohadagi bilim darajasi va doimiy o‘z ustida ishlashiga bog‘liq.
Bundan keyin sirtqi ta’lim o‘rni qanday to‘ldiriladi? Ma’lum ish o‘rniga ega abituriyentlar uchun qanday ta’lim shakli taklif etiladi?
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab sirtqi ta’lim shakliga qabul to‘xtatilgan bo‘lsa-da, ishlab yurgan fuqarolarning oliy ta’lim olish imkoniyatlari cheklanmaydi. Kelgusida kunduzgi ta’limga muqobil shakllar, jumladan, masofaviy, kechki va maqbullashtirilgan kunduzgi (part-time) ta’lim shakllari bosqichma-bosqich rivojlantirilib, ularga qabul ko‘rsatkichlari kengaytirib boriladi.
Bu esa muayyan ish o‘rniga ega abituriyentlar uchun o‘qish va mehnat faoliyatini bir vaqtda olib borish imkonini beradi. Masofaviy ta’lim zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etilib, talabalarga bevosita ta’lim muassasasiga kelmasdan bilim olish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, kechki ta’lim shaklida o‘qish ish vaqtidan keyingi soatlarda amalga oshirilib, ishlovchi shaxslarga qulay grafikda ta’lim olishni ta’minlaydi.
Hukumat tomonidan bu sohadagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar takomillashtirilishi, o‘quv dasturlarining talabga moslashtirilishi va ta’lim sifatining ta’minlanishi bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.
Hozir 1-bosqichda kunduzgida tahsil olayotgan talaba keyingi o‘quv yilidan o‘qishini sirtqiga ko‘chirsa bo‘ladimi? Yuqori bosqichda o‘qiyotganlarchi?
Talabalarning arizalariga asosan ularning o‘qishini sirtqi ta’lim shakli mavjud guruhlarga belgilangan tartibda ko‘chirish imkoniyati mavjud. Bunda talabalardan belgilangan muddat va tartibda o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.
Ikkinchi mutaxassislik uchun sirtqi ta’lim shakli saqlanib qolinadimi? Yoki unda ham yopildimi?
JAVOB: 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul to‘liq tugatili ta’limning barcha yo‘nalishlariga, jumladan, ikkinchi mutaxassislikka ham taalluqlidir.
Shu munosabat bilan, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida yangi qabul amalga oshirilmaydi. Ushbu yo‘nalishda ta’lim olishni istovchilar uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki ta’lim shakllarining mavjud ta’lim yo‘nalishlari tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, avvalgi yillarda sirtqi ta’lim shaklida ikkinchi mutaxassislikka qabul qilingan shaxslar tahsilni belgilangan tartibda davom ettiradilar.
Maqbullashtirilgan kunduzgi (part-time education) ta’lim shakli qanday va qachondan yo‘lga qo‘yiladi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tartibi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklangan.
Maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time ta’lim) — talabalarga ish joyi bilan bog‘liq faoliyatni davom ettirgan holda, kunduzgi ta’lim tizimi asosida ta’lim olish imkonini beradigan zamonaviy va qulay ta’lim formati bo‘lib, unda ta’lim jarayoni va ish faoliyati muvozanatli tarzda olib boriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilganidan so‘ng, ushbu ta’lim shaklini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Masofaviy ta’lim shakli tashkil etish uchun qanday talablar bor, hozirda nechta OTMda masofaviy ta’lim shakli mavjud va unga qaysi abituriyentlar topshirishi mumkin?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 oktyabrdagi 559-son qarori bilan «Oliy ta’lim tashkilotlarida masofaviy ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangan. Ushbu nizom masofaviy ta’lim shaklini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun aniq talab va me’yorlarni belgilab beradi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 21 ta davlat oliy ta’lim muassasasida hamda qator nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli samarali yo‘lga qo‘yilgan.
2025/2026 o‘quv yilida boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida ham masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar, jumladan, masofaviy ta’lim platformalari yaratilib, ularni zaruriy kontentlar bilan to‘ldirish ishlari tashkil qilinmoqda.
Masofaviy ta’lim shakliga o‘qishga kirish umumiy tartibda amalga oshirilib, abituriyentlardan qo‘shimcha majburiyatlar talab etilmaydi.
Shunday qilib, sirtqi ta’lim shaklining tugatilishi orqali oliy ta’limda sifatni oshirish, zamonaviy talablarga mos bilim berish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam qo‘yilmoqda.