AQSH Ichki xavfsizlik departamenti 12 iyun kuni yuz minglab muhojirlarga Qo‘shma Shtatlarda yashash va ishlash ruxsatnomasi bekor qilingani va ular mamlakatni tark etishi kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ushbu bildirishnoma Bayden davridagi ozod qilish dasturi orqali Qo‘shma Shtatlarga kelgan Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesuela fuqarolariga tegishli. Xabar ushbu mamlakat fuqarolari elektron pochta manzillariga yuborilgan.
“Ushbu bildirishnoma sizga shartli ravishda ozod qilish to‘xtatilganini ma’lum qiladi. Agar mamlakatni tark etmasangiz, kuch ishlatilgan va majburiy holda hibsga olinib, o‘z vataningizga qaytarilasiz”, deyilgan xabarda.
Bayden ma’muriyati 2023 yilda Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan mamlakatga noqonuniy kirishdan ko‘ra, ariza topshirgan muhojirlarga shartli ravishda ozod etilishini e’lon qilgandi. Ariza beruvchilar mamlakatda qonuniy ravishda bo‘lgan amerikalik homiyga ega bo‘lishi va xavfsizlik tekshiruvidan o‘tishi kerak edi. O‘shanda respublikachilar ma’muriyat shartli ravishda ozod qilish huquqidan noto‘g‘ri foydalanganini va ushbu mamlakatlar uchun dasturni belgilashda haddan oshganini ta’kidlagandi.
Prezident Donald Tramp o‘z lavozimining birinchi kunida dasturni bir tomonlama tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Bu harakat oxir-oqibat Oliy sudgacha yetib borgan huquqiy muammolarni keltirib chiqargandi.