Tesla va SpaceX rahbari, DOGE (Hukumat samaradorligi departamenti) sobiq rahbari Ilon Mask AQSH prezidenti Donald Trampga nisbatan aytgan so‘zlaridan afsusda ekanini bildirdi.
"Men o‘tgan haftada AQSH prezidenti Donald Tramp haqidagi ba’zi postlarimdan afsusdaman. Ular haddan oshib ketdi", — deb yozdi Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.
Milliarder qaysi postlar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
So‘nggi kunlarda u Los Anjelesdagi norozilik namoyishlari fonida Trampning immigratsiya siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi tvitlarni ham repost qildi.
Tramp hozircha Maskning uzrlariga javob bermadi.
Mask va Tramp o‘tgan hafta biznesmen Kongressdan o‘tayotgan "Katta ajoyib bill"ni (Big Beautiful Bill) tanqid qilganidan keyin ochiqchasiga janjallashib qoldi. Hujjat soliq imtiyozlarini nazarda tutadi va Trampning saylovoldi va’dasi edi.
Mask uning qo‘llab-quvvatlashisiz Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozona olmagan bo‘lishini aytdi va uni noshukurlikda aybladi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp "Epshteyn fayllari" deb ataladigan — voyaga yetmaganlarga zo‘ravonlik qilish va ularni fohishalikka jalb qilishda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn (u 2019 yilda qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan) bilan bog‘liq e’lon qilinmagan fayllarda ishtirok etgan. Keyinchalik Mask bu postni o‘chirib tashladi.
Tramp bunga javoban milliarderning kompaniyasini davlat shartnomalaridan mahrum qilish bilan tahdid qildi.
- Mask Trampning nomzodini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan, uning saylovoldi kampaniyasida faol ishtirok etgan va uni moliyalashtirgan. Tadbirkor 2024 yilgi saylovlarga 290 million dollardan ortiq mablag‘ sarflab, Trampning AQSH prezidenti va respublikachilarning Kongressga saylanishini qo‘llab-quvvatlagandi.