Dunyodagi eng yuqumli kasalliklardan biri qizamiq Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida tarqalmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.
2024 yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda qizamiq bilan kasallanish holati 127 350 taga yetib, 1997 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi.
Sog‘liqni saqlash idoralari yaqin oylarda kasallanish holatlari ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirgan. Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Yevropa Ittifoqi bo‘ylab qizamiq bilan kasallanishning 5,5 mingga yaqin holati qayd etilgan. So‘nggi bir yil ichida emlanmagan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ko‘plab holatlar uchragan, deyiladi agentlik xabarida.
Qizamiq odatda yengil yoki o‘rtacha og‘irlikdagi kasallik hisoblanadi. Ammo ba’zi hollarda o‘limga olib kelishi mumkin. Emlash orqali kasallikdan forig‘ bo‘lish mumkin. Quyidagi rasmda aprel oyining oxirigacha 2025 yilda kasallanish holatlari eng yuqori bo‘lgan hududlar aks etgan.
Yevropa Ittifoqida qizamiq bilan kasallanganlarning aksariyati Ruminiyaga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda aprel oyi oxirida 3605 ta kasallanish holati qayd etilgan. 3 kishi halok bo‘lgan. 2023 yilda aholining atigi 62 foizi qizamiqqa qarshi to‘liq emlangan. Bu kasallik tarqalishining oldini olish uchun zarur bo‘lgan 95 foizlik chegaradan ancha past.
2025 yilning shu davriga qadar Fransiyada qizamiq bilan kasallanish holatlari 526 tani tashkil etdi. Bu qisman joriy yilda mamlakatga olib kelingan qizamiq holatlari sonining sezilarli darajada ko‘payishi bilan bog‘liq, deya ta’kidlangan. Kamida 41 ta holat Marokashdan olib kirilgan deb qaralmoqda. 2024 yilda esa 26 ta holat qayd etilgan. 2023 yilda Fransiyada aholining 93 foizi to‘liq emlangan. Ammo xalq orasida emlanmaganlar bo‘lsa, kasallik osongina tarqalishi mumkin.
Niderlandiyada 2025 yilning dastlabki 4 oyida qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha 371 ta holat qayd etilgan. Marokash yoki Ruminiyada qizamiq bilan kasallanib, keyin mamlakatga kelgan odamlar orasida 20 dan ortiq holat aniqlangan.
Niderlandiya sog‘liqni saqlash idoralari, masalan, boshlang‘ich maktablar yoki bolalar muassasalarida qizamiq infeksiyalari klasterlari mavjudligini, aksariyat holatlar 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida kuzatilishini bildirgan. Niderlandiya Yevropa Ittifoqida 81 foiz bilan qizamiqqa qarshi emlanishning eng past ko‘rsatkichiga ega. Faqat Ruminiya va Kiprda (80 foiz) qamrov darajasi pastroq.