AsosiyDunyo

Japarov Atamboyevni afv etmoqchimi?

Qirg‘iziston yetakchisi sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi.

'Japarov Atamboyevni afv etmoqchimi?'ning rasmi

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berar ekan, uni afv etishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u “Kabar” milliy agentligiga bergan navbatdagi intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Sadir Japarov sud qarorlariga aralashmaganini va aralashmasligini ta’kidlab, “Sudning qarori qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, unga bo‘ysunish kerak”— deydi.

“Qabul qilingan qarorni noqonuniy deb hisoblasangiz, yuqori idoralarga murojaat qiling, Oliy sud bunga chek qo‘ysin. Sud qarorini hech kim o‘zgartira olmaydi. Mening ham bunga haqqim yo‘q”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shu bilan birga, prezident Almazbek Atamboyev mamlakatga qaytgan taqdirda hibsga olinadimi yoki yo‘qligi haqida gapirar ekan, uning afv etish huquqi borligini eslatdi.

“Agar u ariza bersa, uni afv etishim mumkin. Qo‘y-Tosh voqealaridan beri olti yil o‘tdi. Ehtiroslar allaqachon so‘ndi. Menimcha, sudlar unchalik qattiqqo‘l bo‘lmagan bo‘lardi. Albatta, bu mening sudlarga yuklayotgan fikrim emas, balki mening shaxsiy, fuqarolik fikrim. Menimcha, ular faqat sinov muddati yoki jarima bilan cheklansa yaxshi bo‘lardi”, deydi Japarov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyun kuni Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi.

Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi.

Almazbek Atambayev 2023 yilning fevralida sud tomonidan davolanish uchun qo‘yib yuborilgan. U Ispaniyaga uchib ketgan va shundan beri Qirg‘izistonga qaytmagan.

    Boshqa yangiliklar