AsosiyJamiyat

“LikeCup” turniri to‘xtatildi

Alisher Uzaqov jamoatchilikdan uzr so‘radi.

'“LikeCup” turniri to‘xtatildi'ning rasmi

O‘zbek shou-biznesida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “LikeCup” musobaqasi bekor qilindi. Bunga sabab bo‘lgan holatlar yuzasidan loyihaning asosiy tashabbuskorlaridan biri — aktyor Alisher Uzaqov jamoatchilik oldida chiqish qilib, uzr so‘radi.

“Ko‘pchilik muxlislar uchun albatta noxush holat, chunki qiziqish juda katta edi, ammo bu to‘g‘ri qaror deb o‘ylayman. Mana shu turnirni to‘xtatilishga va jazolanishi kerak bo‘lgan odamlarni jazolanishi, jumladan meni ham bu juda to‘g‘ri qaror, hech qanaqa e’tirozim yo‘q. Faqatgina katta jamoa katta ish qilgan edi. Qolaversa, bizning hamkorlarimiz oldida ham o‘zimizning mas’uliyatlarimiz bor edi. Hali ham bor va shuning uchun tegishli idoralardan, xalqimizdan,  uzr so‘rayman. “LikeCup” uch turniri to‘xtatildi. Hammaga rahmat”, — deydi Uzakov.

Ma’lumot uchun, avvalroq Toshkent shahridagi “Jar” stadionida o‘tayotgan “LikeCup” turnirida san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqan edi.

So‘ng mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tgan hamda unda qoidabuzarlarga nisbatan sud qarori qabul qilingan.

Jumladan, musobaqa tashkilotchisi bo‘lgan aktyor Alisher Uzoqov, qiziqchi Abdurahmon Mavlonov, blogerlar Mirjalol Rahmonaliyev hamda Dilshodbek O‘rozboyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddaning (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va ularning har biriga ba’zaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (3 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Janjalni keltirib chiqargan Ozodbek O‘rozboyev esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 194-moddaning 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 10 sutga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qolaversa, Kamoliddin Mamajonov ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 194-moddaning 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va ba’zaviy hisoblash miqdorining 12 barobari (4 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

    Boshqa yangiliklar