Lyublyana shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Siyosiy muloqot, turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.
Ikki tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.
Sloveniyaning "Koper" porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.
Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi.
Gumanitar almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar.
Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.