Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 21-mayga o‘tar kechasi Ukraina tomonidan 150 dan ortiq dron Rossiyaning bir qancha hududlariga hujum uyushtirdi. Bu haqda “Meduza” nashri ma’lum qildi.
Eng ko‘p dronlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan Oryol (53 ta), Bryansk (51 ta) va Kursk (37 ta) viloyatlarida urib tushirilgan.
Shuningdek, Moskva viloyati, Vladimir, Ryazan, Belgorod, Tula va Kaluga viloyatlari hamda Qora dengiz akvatoriyasi ham hujum nishoniga aylangan.
Hujumlar ortidan Yaroslavl, Kostroma va Kaluga shaharlaridagi aeroportlarda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Kalugada bu cheklovlar allaqachon olib tashlangan.
Rasmiylarga ko‘ra, Oryol viloyatida qurbonlar va katta talafotlar qayd etilmagan. Biroq Bolxov shahri aholisi Telegramdagi sahifalarda ayrim obyektlar shikastlanganini yozmoqda.
Ayrim ukrain manbalarining da’vo qilishicha, hujum Bolxovdagi yarim o‘tkazgich qurilmalari zavodiga qaratilgan.
Biroq ushbu ma’lumot mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.