AsosiyDunyo

Germaniya “G7”ni ogohlantirdi

Lars Klingbayl tariflar urushi davlatlar iqtisodiyotiga katta zarba berayotganini bildirgan.

'Germaniya “G7”ni ogohlantirdi'ning rasmi

Germaniya vitse-kansleri va moliya vaziri Lars Klingbayl “G7” davlatlarini bojxona urushi va iqtisodiy noaniqliklarga chek qo‘yishga, shuningdek, Ukrainani yanada kuchliroq qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda u Kanadaga jo‘nab ketishidan oldin jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bojlar va noaniqliklar iqtisodiyotimizga bosim bermoqda. Bu esa millionlab ish o‘rinlari xavfsizligini tahdid ostida qoldiradi”, — deydi Klingbayl “Reuters”agentligiga.

U Kanadada bo‘lib o‘tadigan “G7” moliya vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi. Mazkur yig‘ilishda Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko ham qatnashadi. Klingbayl ushbu forum doirasida “G7”davlatlari Ukrainaga nisbatan bir yoqadan bosh chiqarib, qat’iy pozitsiyada turishi zarurligini ta’kidladi.

“Biz adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlash uchun “G7” doirasida aniq signal berishimiz lozim. Ukraina bizning yordamizga tayanmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Germaniya moliya vaziri.

20–22 may kunlari o‘tadigan uchrashuvda nafaqat urush davomida ko‘rsatiladigan yordam, balki Ukraina infratuzilmasini urushdan keyingi tiklash rejalari ham muhokama qilinadi. Klingbaylning ta’kidlashicha, bu borada xususiy investitsiyalarni jalb etish masalasi ham kun tartibiga kiritilgan.

    Boshqa yangiliklar