Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani urushni davom ettirish maqsadida vaqtni cho‘zayotganlikda aybladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya diplomatik jarayonlarni faqat urush va bosib olingan hududlarni saqlab qolish uchun ishlatmoqda.
“Asosiy narsa — diplomatik harakatlar muvofiqlashtirilgan va real natijalarga qaratilgan bo‘lishi kerak. Afsuski, Rossiya faqat vaqt yutishga urinmoqda, urush va bosqin esa davom etmoqda”, — dedi Zelenskiy X (avvalgi Twitter) tarmog‘idagi bayonotida.
Uning aytishicha, Ukraina hozirda xalqaro hamkorlar bilan Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish, uni muzokaralarda mantiqli va samarali pozitsiyaga qaytarish ustida ishlamoqda.
“Urush muzokaralar bilan yakunlanishi kerak”Zelenskiy Rossiyaga ochiq chaqiriq yo‘llab, har qanday konstruktiv va real takliflar asosidagi muzokaralarga tayyorligini bildirdi.
“Ukraina natijador muzokara shakllariga tayyor. Ammo agar Rossiya yana haqiqiy bo‘lmagan shartlar qo‘ysa yoki jarayonni sabotaj qilsa, bu jiddiy oqibatlarsiz qolmasligi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Prezident bu urush diplomatik yo‘l bilan tugatilishi kerakligini ta’kidlab, muzokaralar faqat adolatli va xalqaro huquq doirasida bo‘lishi kerakligini eslatdi.
Ukraina hukumati G‘arb davlatlari bilan Rossiyani yanada ko‘proq yakkalash, sanksiyalarni kuchaytirish va urushni to‘xtatishga majbur qilish choralarini muhokama qilmoqda.