AsosiyDunyo

Litvada ishlash uchun ruxsatnoma olishda o‘zbekistonliklar yetakchi bo‘ldi

Litvada 9,1 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.

'Litvada ishlash uchun ruxsatnoma olishda o‘zbekistonliklar yetakchi bo‘ldi'ning rasmi

Litva markaziy osiyolik muhojirlaga mavsumiy ishlash uchun ruxsatnomalar berishni deyarli uch baravar oshirdi. Bu haqda mamlakatning Bandlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yilning birinchi choragida 363 ta shunday ruxsatnoma berilgan. 2024 yilning shu davrida bu raqam 122 tani tashkil etgan. Guvohnomalarda erkaklarning ulushi 91 foiz, ayollarniki 9 foizdir. Eng ko‘p ruxsatnoma quyidagi davlatlar fuqarolariga berilgan:

  • O‘zbekiston – 42 foiz;
  • Tojikiston – 34 foiz;
  • Qirg‘iziston – 6 foiz.

Ularning 53 foizi yo‘l qurilishida ishlagan, 14 foizi oshpaz bo‘lgan, 7 foizi qassob, 5 foizi esa qulupnay teruvchi, farroshlar va qurilish ishchilari bo‘lib ishlagan.

Litva mehnat bozori bu yerga pul ishlash maqsadida vaqtinchalik ishlash uchun kelgan chet elliklar uchun tobora ko‘proq ochilmoqda, dedi Bandlik xizmatining xorijliklarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Ernest Varnayte.

Mamlakatda 2025 yil 1 aprel holatiga ko‘ra 137 ta davlatdan kelgan 145,8 ming nafar xorijlik mehnat qilmoqda. Bunda eng ko‘p hissa Ukraina (47,5 ming), Belarus (47,3 ming), O‘zbekiston (9,1 ming) va Tojikiston (6,5 ming) davlatlariga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumot o‘rnida, Litva Markaziy Osiyo fuqarolari uchun migratsiya siyosatini kuchaytiradi. Mintaqa davlatlarining o‘nga yaqin fuqarosiga terrorchilik tashkilotlari bilan aloqasi va radikallashuvi ehtimoli tufayli Litvaga kirish taqiqlangan. Litva bosh vaziri viza berish jarayonida endi madaniy yaqinlikka ko‘proq e’tibor qaratish kerakligini aytgandi.

    Boshqa yangiliklar