Davlatimiz rahbari 2022 yil avgustda Urganch shahridagi Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishiga asos solgan edi. U yerda buyuk olim nomidagi universitet va ixtisoslashtirilgan maktab ham bo‘ladi.
Bugungi taqdimotda mazkur ta’lim maskanlarini tashkil etish chora-tadbirlari, asosiy yo‘nalishlari haqida axborot berildi, deya xabar bermoqda Prezident Matbuot xizmati.
Universitetda 3 ta: matematika va informatika fakulteti, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi fakulteti hamda sun’iy intellekt fakulteti bo‘ladi. Ularda iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, sanoat, xavfsizlik, energetika va ekologiya kabi sohalar uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.
O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Qabulni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.
Davlatimiz rahbari universitet hududi nafaqat ta’lim, balki Xorazmning tarixiy-ilmiy va turizm salohiyati bilan uyg‘un majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Ushbu zamonaviy ta’lim muassasalarini tashkil etishga oid hujjat imzolandi.