AsosiyDunyo

Trampning reyting darajasi pasaydi

Ko‘pchilik uning hokimiyatni suiiste’mol qilishidan xavotirda.

'Trampning reyting darajasi pasaydi'ning rasmi

Prezident Donald Trampning jamoatchilik orasidagi ma’qullash reytingi pasayib, uning Oq uyga qaytganidan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi. Bu amerikaliklar uning hokimiyatni kengaytirish harakatlaridan xavotirda ekanini ko‘rsatadi, deyiladi dushanba kuni yakunlangan Reuters/Ipsos so‘rovnoma xulosasida.

Ushbu olti kunlik so‘rovda qatnashganlarning taxminan 42% nafari Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullagan. Bu ko‘rsatkich uch hafta avvalgi 43% va 20 yanvardagi inauguratsiyadan so‘ng kuzatilgan 47% darajasidan pastdir.

Trampning prezidentlik davri boshlanishi siyosiy raqiblarini lol qoldirdi. U davlat idoralari hamda universitetlar va yuridik firmalar kabi xususiy tashkilotlar ustidan ta’sirini kengaytirishga qaratilgan o‘nlab farmonlar imzoladi.

Garchi Trampni ma’qullash reytingi uning demokrat raqibi bo‘lgan sobiq prezident Jo Bayden davridagi bir qator ko‘rsatkichlardan baland bo‘lsa-da, Reuters/Ipsos so‘rov natijalari ko‘plab amerikaliklar uning liberal deb baholagan universitetlarni jazolash va Vashingtondagi Kennedi markazi (madaniy va teatr muassasasi) boshqaruviga o‘zini tayinlash harakatlaridan norozi ekanini ko‘rsatadi.

So‘rovda qatnashgan 4 306 nafar respondentning 83% nafari “AQSH prezidenti hatto xohlamasa ham federal sud qarorlariga itoat etishi shart” deb javob bergan. Agar Tramp ma’muriyati Venesuela guruhiga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarni sudsiz deportatsiya qilish bo‘yicha federal sud buyrug‘ini buzsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Respondentlarning 57% — shu jumladan respublikachi qatnashchilarning uchdan biri — “AQSH prezidenti universitet siyosatiga rozi bo‘lmasa, moliyaviy yordamni to‘xtatishi mumkin” degan fikrga qarshiligini bildirgan.

Ma’lumki, Tramp avvalroq “universitetlar antisemitizmga qarshi yetarlicha kurashmayapti “deb, ular uchun ajratilgan federal mablag‘larni muzlatib qo‘ygan edi. Garvard universiteti uchun ajratilgan 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ ham shular jumlasidandir.

Shuningdek, so‘rov qatnashchilarining 66 foizi prezident madaniyat muassasalari — milliy muzeylar va teatrlar — ustidan nazorat o‘rnatishiga qarshi ekanini bildirgan. O‘tgan oy Tramp Smitson instituti — AQSH tarixi va madaniyatini namoyish qiladigan yirik muzey va ilmiy kompleksdan “nomaqbul” g‘oyalarni olib tashlashni buyurgan edi.

Inflyatsiya, migratsiya, soliqlar va qonun ustuvorligi kabi masalalarda Reuters/Ipsos so‘rovi Trampning faoliyatini ma’qullamaganlar soni uning siyosatidan rozi shaxslar miqdoridan yuqori ekanini ko‘rsatdi. Eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan yo‘nalish — migratsiya siyosati bo‘lib, unda ham so‘ralganlarning faqat 45 foizi ma’qullagan bo‘lsa, 46 foizi  norozilik izhor qilgan.

So‘rovning aniqlik yuzasidan xatolik chegarasi taxminan 2 foiz/punktni tashkil qiladi.
Qatnashchilarning 59 foizi — shu jumladan respublikachilarning uchdan biri — Amerika xalqaro maydonda obro‘sini yo‘qotmoqda deb hisoblaydi.

Shuningdek, so‘rovda qatnashganlarning 75 foizi Trampning uchinchi prezidentlik muddatiga nomzod bo‘lishini xohlamaydi. Garchi u bunday niyatni bildirgan bo‘lsa-da, AQSH Konstitutsiyasi unga yo‘l qo‘ymaydi. Respublikachi qatnashchilarning ko‘pchiligi — 53 foiziham Tramp uchinchi marta saylovda qatnashmasligi kerak degan fikrda.

Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar