7–11-oktyabr kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining Seul shahrida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Xizmat safari davomida bir qancha kompaniyalar bilan chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, chiqindilarni yoqish orqali “yashil” energiya oladigan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Qolaversa, Koreya eksport va import banki vakillari bilan muzokaralar olib borildi.
Bundan tashqari, I. Qutbiddinov Koreya Atrof-muhit vazirligi huzuridagi Koreya atrof-muhit korporatsiyasi (K-yeco) raisi B. An bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ekologik xavfsizlik borasida tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yakunda Jizzax viloyatida barqaror chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha umumiy qiymati 6,2 mln dollarga teng bo‘lgan 4 yillik grant loyiha bitimi imzolandi.
Ma’lumot uchun, loyiha doirasida poligonni rekultivatsiya qilish, 300 000 m3 chiqindini bir joyga to‘plash, tuproq bilan qoplash hamda chiqindixona gazini yig‘ish va piroliz usuli orqali yoqish, elektr energiya ishlab chiqarish uskunalarini (elektrogenerator) o‘rnatish belgilangan.






