Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 21 yoshli talabasi Jahongir Ulug`murodov Telegram`da o`zbek tilidagi “Shahid bo`lib ketsak, rozi bo`lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da`vat qiluvchi nashidalarni 10 nafar a`zosi bo`lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgani uchun qamalgandi. U Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) bilan ayblanib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
17 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudida Oqqo`rg`on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmi ustidan berilgan shikoyatni appelyasiya tartibida ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni yakunlangan.
Mazkur jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi S.Ashirmatov raisligida hamda sudyalar H.Berdiqlichev va X.Usmonovdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqilgan.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati appelyasiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Jahongir Ulug`murodovga nisbatan chiqarilgan hukmi o`zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan haqida xabar bergan edik.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati appelyasiya instansiyasining 17 iyuldagi ajrimi ustidan sudlangan J.U.ning advokati A.Abdullaev tomonidan berilgan kassasiya shikoyati kelib tushdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmatining ma`lum qildi.
Ayni paytda ushbu shikoyat belgilangan tarzda o`rganilib, kassasiya tartibida ko`rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda.






