Rossiya ertaga, 18 iyuldan boshlab Don yo`lagi kelishuvi o`z faoliyatini to`xtatganini ma`lum qildi. Bu haqda bugun, 17 iyul kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Unda aytilishicha, don kelishuvining H bandiga muvofiq, Rossiya tomoni uning yanada uzaytirilishiga e`tiroz bildirmoqda. Bu haqda Turkiya va Ukraina tomonlari hamda BMT Kotibiyati rasman xabardor qilingan.
“Don yo`lagi kelishuvi 18 iyuldan o`z faoliyatini to`xtatadi. Bu navigasiya xavfsizligi kafolatlarining bekor qilinishi, dengiz gumanitar koridorining cheklanishi, Qora dengiz shimoli-g`arbidagi vaqtinchalik xavfli hudud rejimining tiklanishi va Istanbuldagi qo`shma muvofiqlashtirish markazining tarqatilishini anglatadi”, deyiladi bayonotda.






