Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan o`tkaziladigan masofaviy audit tadbirlarining ko`lami va sifatini oshirish, ichki audit xizmatlarining xavflarni aniqlash hamda ularning oldini olish imkoniyatlarini kengaytirish va samaradorligini oshirish tadbirlari ko`rilmoqda.
Bundan tashqari, 2022—2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham Davlat byudjeti xarajatlari samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish belgilangan.
Mazkur qonun loyihasi bilan tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z rasmiy veb-saytlari hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirish nazarda tutilmoqda.






