Jahon sog`liqni saqlash tashkilotiga Evropaning olti davlati — Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Xorvatiya va Shvesiyadan yangi tug`ilgan chaqaloqlarda ekxovirus-11 (E-11) bilan kasallanish holatlari ko`payayotganiga doir xabarlar kelib tushdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, Fransiya sog`liqni saqlash vazirligi shu yil may oyida mazkur infeksiya tufayli go`daklar o`rtasida sepsisning og`ir shakllari ortganini ma`lum qilgan. Oqibatda bu erda etti nafar go`dak hayotdan ko`z yumdi, yana ikki nafarining ahvoli og`ir. Iyun oyidan boshlab esa Evropaning boshqa mamlakatlarida ham infeksiyaga chalinish holatlari qayd etilgan.
Tahlillarga ko`ra, 2016 yildan 2021 yilgacha dunyo bo`yicha chaqaloqlar o`rtasida E-11 ni yuqtirish ko`rsatkichi boshqa yuqumli kasalliklarga qiyoslaganda 6,2 foizni tashkil etgan bo`lsa-da, o`tgan yili bu raqamlar 55 foizgacha ko`tarilgan.
JSST garchi bu holatni aholi salomatligi uchun global xavf, deb baholamagan bo`lsa-da, shifokorlarni tekshiruv qamrovini oshirishga va ehtiyotkorlikka chaqirdi.
Ma`lumot uchun, ekxovirus — turli yuqumli xastaliklarni keltirib chiqaruvchi, o`zida ribonuklein kislotalar saqlovchi enteroviruslar (ichak viruslari) guruhiga mansub.
U ichak, markaziy nerv tizimi, yurak va boshqa a`zolarning zararlanishi bilan kechadigan turli kasalliklarga sabab bo`ladi. Enteroviruslar tashqi muhitda uzoq vaqt yashash qobiliyatini saqlaydi, kislotaga chidamli.
Odatda xastalik engil shaklda davom etadi. Ammo yangi tug`ilgan chaqaloqlarda infeksiya o`tkir virusli gepatit, sepsis, meningit va qon ketishining buzilishi kabi kasallik va og`ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.






