AsosiyJamiyat

Investisiya va tashqi ishlar vazirlarining barcha o`rinbosarlari “investisiya menejerlari” bilan birga 437 ta investor bilan amaliy ishlarni boshlab, 3 mlrd dollar investisiya jalb qilishlari shart

'Investisiya va tashqi ishlar vazirlarining barcha o`rinbosarlari “investisiya menejerlari” bilan birga 437 ta investor bilan amaliy ishlarni boshlab, 3 mlrd dollar investisiya jalb qilishlari shart'ning rasmi

Yangi loyihalar hisobidan qo`shimcha 3 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb qilish masalalari muhokama qilindi. 

Bu borada eng katta imkoniyatlardan biri oliy darajadagi xorijiy tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar hisoblanadi.

Jumladan, so`nggi ikki yilda Saudiya Arabistoni, Fransiya, Vengriya, Singapur, Misr, Germaniya, Xitoy, Italiya, Qatar va boshqa davlatlar bilan o`tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda juda katta kelishuvlarga erishildi. 

Investisiya jalb qilish bo`yicha Vengriya, Pokiston, Tailand, Chexiya va Yaponiya bilan hamkorlikda ijobiy o`zgarishlar borligi ta`kidlandi. Ushbu davlatlardan o`tgan yili bor yo`g`i 40 million dollar investisiya  jalb qilingan bo`lsa, joriy yilning o`zida bu ko`rsatkich 450 million dollarga ko`paydi.

Lekin, Misr, Eron, Ispaniya, Hindiston va Belgiya davlatlaridagi elchilar faoliyatida hali natija ko`rinmayotgani ko`rsatib o`tildi.

Endi xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo`yicha yangi tizim joriy etilishi ta`kidlandi. Bunda Investisiya vazirligida har bir yangi investorga hamrohlik qilish uchun “investisiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi va bevosita vazirga bo`ysunadi. Ular xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo`ladi va kelib tushgan masalalarni hal qilib  boradi.

Investisiya va tashqi ishlar vazirlarining barcha o`rinbosarlariga “investisiya menejerlari” bilan birga shu tizim asosida jami 437 ta investor bilan amaliy ishlarni boshlab, joriy yilning o`zida qo`shimcha 3 milliard dollar investisiya jalb qilish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar