Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonda mashhur klipmeyker Narimon Sultonxo`jaevning sobiq rafiqasi M.Sultanxodjaevaning “Uch bolam bilan ko`chada qoldirdi” degan mazmundagi video xabarlari tarqaldi.
Unga ko`ra, Narimon rafiqasi va uch nafar farzandini ko`chaga haydab, kam aliment to`lash uchun firma qorovuli sifatida hujjat rasmiylashtirgan.
Holat yuzasidan MIB Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, javobgar D.Sultanxodjaevaga nisbatan da`vogar M.Sultonxodjaeva va uning uch nafar farzandlarini Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumani, Qorasuv-6 dahasidagi xonadonlarning biriga yashash uchun mo`ljallangan xonasiga kiritib qo`yish to`g`risidagi ijro hujjati Byuroning Mirzo Ulug`bek tuman bo`limi ish yurituviga 26.08.2022 yilda kelib tushgan.
Davlat ijrochisi tomonidan 26.08.2022 yilda qarzdorlarga sudning qarorini bajarishi uchun ixtiyoriy 15 kunlik muddat berilib, huquq va majburiyatlari tushuntirilib, ijro ishi qo`zg`atilgan.
Undiruvchi M.Sultonxodjaevani xonadonga kiritib qo`yish maqsadida bir necha bor majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan bo`lib, qarzdor o`z majburiyatlarini bajarmaganligi sababli, unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 1981-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima qo`llanilib, undirilgan.
Shundan so`ng, undiruvchi M.Sultonxodjaeva belgilangan manzildagi xonadonga kiritib qo`yilgan va davlat ijrochisi tomonidan ushbu to`g`risida dalolatnoma rasmiylashtirilib, ijro ishi O`zbekiston Respublikasi “Sud xujjatlari va boshqa organlar xujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Konunning 41-moddasi 1-qismiga asosan tamomlangan.
Shuningdek, fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudining 01.04.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor N.A.Sultanxodjaevdan undiruvchi M.R.Sultanxodjaeva foydasiga 1/2 qism miqdorida aliment undirish to`g`risidagi ijro hujjati bo`lim ish yurituviga 2023 yil 28 fevral kuni kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo`zg`atilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor “E.B.” MChJda ish faoliyatini olib borayotganligi aniqlangan.
Mazkur ijro hujjati bo`yicha qarzdor tomonidan 07.03.2023 yil kuni undiruvchining hisob raqamiga, 1,5 mln. so`m, 27.04.2023 yil kuni 750 000 so`m aliment pullari o`tkazilgan. 2023 yil 23 may kuni qarzdor yuqorida ko`rsatilgan aliment pul mablag`larini to`lab borishligi to`g`risida majburiyatnoma olingan hamda O`zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasi va JKning 122-moddalari bilan ogohlantirilgan.
“E.B.” MChJning 2023 yil 18 may kungi ma`lumotiga ko`ra qarzdorning mehnat shartnomasi bekor qilinganligini ma`lum qilgan.
Joriy yilning 23 may kuni undiruvchining hisob raqamiga jami 780 ming so`m aliment pullari hamda 4 va10 iyul kunlari undiruvchining hisob raqamiga jami 2 mln. 180 ming so`m aliment pullari o`tkazilgan.
Hozirgi kunda qarzdorning 2023 yil 01 iyul holatiga alimentdan bo`lgan qarzdorligi mavjud emas.






