Navoiyda qizil kitobga kiritilgan jayronlarni o`ldirgan shaxs tabiatga 33 mln so`m miqdorida zarar etkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari viloyat IIB YHXB hamda Ekopatrul xodimlari bilan hamkorlikda nazorat reyd tadbirini o`tkazishdi.
Tadbir davomida Navbahor tumani hududida fuqaro Q.Sh. boshqaruvidagi “Niva” rusumli avtomashina tekshirildi.
“Mashina yukxonasida 2 dona otilgan O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ona-bola jayron borligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Tekshiruv-surishtiruv ishlari davomida jayronlar Samarqand viloyati, Narpay tumani, Boltali qishlog`ida yashovchi fuqarolar Q.Sh va Q.F. larga tegishli ov qurollari yordamida noqonuniy ovlangani ma`lum bo`ldi.
Aytilishicha, holat yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, tabiatga 33 mln so`m zarar etkazilganligi aniqlandi.
Shuningdek, Q. Sh. boshqaruvidagi avtomashina jarima maydonchasiga qo`yildi va ov qurollari saqlash uchun Navoiy viloyat IIB ga yuborildi.
Hozirda prokuraturaga yuborish uchun kerakli hujjatlar to`planmoqda.






