AsosiyJamiyat

Ushbu hafta issiq kuchayadi - “O`zgidromet”

'Ushbu hafta issiq kuchayadi - “O`zgidromet”'ning rasmi

“O`zgidromet” joriy hafta davomida kuzatilayotgan ob-havo ma`lumotini e`lon qildi. 

Ushbu haftaning katta qismida O`zbekiston hududi bo`yicha ob-havo yuqori barik o`rkach rivojlanishi va Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi bilan belgilanadi.

Havo harorati kundan-kunga ko`tariladi. Hududning katta qismida issiq ob-havoning cho`qqisi haftaning o`rtalariga to`g`ri keladi. 12-13 iyul kunlari kunduzgi havo harorati 40-42 darajagacha, janubda va cho`l hududlarda 43-45 darajagacha ko`tariladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimolida 11-12 iyul kunlari eng yuqori harorat  43-45 daraja bo`lishi kutilmoqda.

Kuchli issiq qisqa muddat kuzatiladi. 13 iyulda O`zbekistonning shimoli-g`arbiy hududlarida, 14 iyulda respublikaning barcha hududlarida atmosferadagi janubiy oqimlar g`arbiy oqimlarga o`zgaradi va havo harorati 33-38 darajagacha, janubda 40 darajagacha pasayadi. Bunday harorat foni dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.

Ushbu hafta davomida respublikaning barcha hududlari bo`yicha havo kam bulutli va asosan quruq bo`lishi kutilmoqda.

10-12 iyulda shimolda va cho`l hududlarda, 13-14 iyul kunlari respublika bo`yicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtimizda: 10-14 iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo`ladi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi asosan kuchsiz bo`ladi, 14 iyulda 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat 37-39 daraja bo`ladi, 11-13 iyulda harorat asta-sekin ko`tariladi va 12-13 iyul kunlariga kelib 39-42 darajagacha, 14 iyulda 36-38 daraja bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar