AsosiyJamiyat

Ibrohim Abdurahmonov professional ta`lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi

'Ibrohim Abdurahmonov professional ta`lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi'ning rasmi

Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligida professional ta`lim muassasalari rahbarlari bilan navbatdagi kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov olib borgan yig`ilishda Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi mavjud kasb-hunar maktablari direktorlari ishtirok etdi.

Vazir professional ta`lim muassasalarida 2023/2024-o`quv yili uchun qabul jarayonlariga tayyorgarlik ko`rish, o`quv-metodik ta`minotni yaxshilash, pedagog kadrlar bilan ta`minlash, o`quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotlari borasida erishgan yutuqlari va o`quv muassasalarida mavjud kamchiliklar haqida so`z yuritdi.

“Biz professional ta`lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o`quvchilarimiz uchun bugun etarli sharoitni yaratib berishimiz kerak. O`qituvchilarni rag`batlantirish, ularni mukofotlash masalalarini ko`rib chiqishimiz lozim. O`quvchilar moddiy-texnika bazasi mavjud bo`lmagan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan o`quv-ustaxonalarda kasb o`rganmasliklari kerak. Yoshlarning bugun sifatli ta`lim olishi kerak, ertaga ularni qayta o`qita olmaymiz” – dedi I.Abdurahmonov.

Professional ta`lim muassasalari rahbarlari sohani yanada rivojlantirish, jumladan o`quv-amaliyot jarayonlarini yo`lga qo`yish, ishlab chiqarish ta`lim ustalarining malakasini oshirish, kompyuter xonalari, ustaxonalar qurish, ularni zarur texnik jihozlar bilan ta`minlash, o`quv binolari va yotoqxonalarni ta`mirlash, avtodromlar qurish kabi ko`plab takliflar berdilar. Vazir takliflar ijrosini ta`minlash yuzasidan mas`ullarga tegishli ko`rsatmalar berdi.

Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari professional ta`lim muassasalari direktorlari uchun vazir tashabbusi bilan O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutida o`quv yurtining Teatr san`ati fakulteti talabalari tomonidan Uilyam Shekspir qalamiga mansub “Qaysar qizning quyilishi” spektakli namoyishi bo`lib o`tdi.

    Boshqa yangiliklar