Navoiy viloyatida “Gulchambar” (nomi o`zgartirilgan) OK rahbarining Karmana tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligidan norozi bo`lib O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakilga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, 2021 yil 17 fevraldagi “Gulchambar” OK hamda Karmana tuman Obodonlashtirish boshqarmasi o`rtasida mevali va manzarali ko`chatlar etkazib berish bo`yicha umumiy qiymati 198,7 mln so`mlik shartnoma imzolangan. Biroq oilaviy korxona tomonidan topshirilgan mahsulotlar qiymati tashkilot tomonidan to`lab berilmagan.
Murojaatni o`rganish yakuniga ko`ra, Vakil tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga oilaviy korxona manfaatini ko`zlab kiritilgan da`vo arizasi natijasida muqaddam topshirilgan mahsulotlar umumiy qiymati 198,7 million so`m pul mablag`lari javobgar Karmana tuman Obodonlashtirish boshqarmasidan sudning hal qiluv qaroriga ko`ra undirilishi ta`minlandi.






