Bu loyihani amalga oshirish uchun tanlab olingan hudud dengiz sathidan 500 metr baland bo`lib, shaharga yaqinligi, o`z iqlimi, bahavoligi va ikki daryo o`rtasida joylashgani bilan noyob hisoblanadi.
Hozirgi Toshkent 43 ming gektar xududni egallaydi. "Yangi Toshkent" loyihasi doirasida qo`shimcha 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta`minlanadi.
Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo`ljallangan ko`p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog`chasi, ko`p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.
Yangi O`zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu erda joylashadi.
Bosqichma-bosqich davlat idoralari ham Yangi Toshkentga ko`chib boradi.
Ularning hozirgi binolari o`rnida mehmonxonalar, xizmat ko`rsatish va savdo ob`ektlari ochilib, Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylanadi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda uy-joy, transport, ishxona, madaniyat, sport va ta`lim ob`ektlarini qamrab olgan zamonaviy urbanizasiya va ilmiy yondashuvlar asosida yurtimizda ilk bor “aqlli” texnologiyalar joriy etilishini ta`kidladi.
Masalan, eng zamonaviy ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Yangi Toshkentda metro va elektrobuslar uyg`unlikda harakatlanadi.
Bunda, “yashil va xavfsiz shahar” tamoyili asosida piyodalar va velosipedlarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun er osti turargohlari quriladi.
Avtomobil qatnovi uchun 14 ta zamonaviy tunnel hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko`prik bunyod etiladi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda ilk bor “uch-generasiya” stansiyasi quriladi. Ya`ni, bu stansiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitiladi, yozda esa sovutiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari er tagidan o`tkaziladi.
Innovasion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o`rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT park, ta`lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.
18.03.2023 11:20
"Yangi Toshkent" qanday bo`ladi?






