Bundan bir necha oy avval bir guruh yoshlar fuqaroni kaltaklab, ustiga zelyonka sepkani tasvirlangan video lavhalar tarqalgan edi. Bugun shu holat bo`yicha batafsil ma`lumot beramiz.
Ish hujjatlariga ko`ra, voqea 2022 yilning 11 oktyabr kuni soat 18:30 larda ro`y bergan.
Ma`lum bo`lishicha, uch nafar sudlanuvchi tergov vaqtida aniqlashning imkoni bo`lmagan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug`ullanuvchi "Don Sarleon" qo`l ostiga ishga kiradi va ulardan 2 nafari mo`may daromad topish maqsadida odam o`g`irlashadi.
Ular dastlab, 1998 yilda tug`ilgan, keyinchalik, 2003 tug`ilgan jabrlanuvchini o`z ixtiyoriga qarshi ravishda o`g`irlashadi va "Don Sarleon" topshirig`i bilan ularni kaltaklab, ustiga zelyonka sepishadi va videoga olishadi.
2023 yilning 10 mart kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida mazkur jinoyat ishi bo`yicha sud majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Sud majlisi davomida jabrlanuvchi voqea tafsilotlarini gapirib berdi.
"Qochdim, yugirdim, yiqilib tushdim. Yonimga kelishdi, ikkita "shapaloq" berishdi. Mashinaga o`tir gaplashamiz deyishdi, o`tirdim. O`zimni xohishim bilan bordim. Qattiq urmaymiz, videoga olishimiz kerak, baqirgin deyishdi, xo`p dedim. Mani qattiq urishmadi lekin",–degan jabrlanuvchi.
Tergov jarayonida ma`lum bo`lishicha, jabrlanuvchilar giyohvand vositalarini etkazish bilan shug`ullangan.
Xo`sh, sudlanuvchilar, bu ishga nima sababdan qo`l urdi?
"Bu ishni bir bola taklif qildi. Instagramdan yozib gaplashdik. Narkotik tarqatganlarni urasan dedi. Tergov jarayonida aniqlanganki, ular narkotikni o`zlaricha o`g`irlab tarqatgani uchun biza urganmiz. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman",–dedi aybdorlardan biri sud majlisida.
Sud aybdorlarga hukm o`qidi.
Sudning hukmiga ko`ra, 2001 yilda tug`ilgan (Sh.A.) cudlanuvchi “Odam o`g`rilash” va “Qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish” jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topildi va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
2001 yilda tug`ilgan sudlanuvchi (A.R.) “Odam o`g`rilash” va “Qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish” jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topildi va 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Suriya davlati fuqarosi bo`lgan sudlanuvchi “Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish” jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topildi va bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Hibsda saqlangan 3 kunni har bir kunini bazaviy hisoblash miqdorining ikki bir qismiga tenglashtirib, tayinlangan jazodan chegirib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 18,5 baravari, 5.550.000 so`m miqdorida jarima jazosi qoldirildi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilandi.






