Pokistonda “Jamoaviy ruh” 6-Xalqaro armiya o`yinlarida O`zbekiston terma jamoasi qatorasiga uchiinchi marta 1-o`rinni egalladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.
Keyingi o`rinlarni Saudiya Arabistoni, Qozog`iston va Tailand jamoalari band etishdi.
O`zbekiston harbiylari 2021 va 2022 yillarda ham mazkur bahslarda bosh sovrinni qo`lga kiritgan.
Bo`lib o`tgan musobaqalar jangovar jarayonlarga yaqin bo`lgan mashaqqatli vazifalar, mahorat va maxsus ko`nikmalarni talab qiluvchi topshiriqlardan tashkil topganiga qaramasdan, o`zbekistonlik harbiylar barcha shartlarda o`zlarining yuksak tayyorgarlik darajalarini namoyish etishgan.
Pokiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo`shinlari qo`mondoni general Asim Munir O`zbekiston jamoasi rahbari – O`zbekiston Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig`iga musobaqa bosh sovrini va mukofotlarni topshirdi.
“O`zbekiston terma jamoasi yana bir bor yuqori professionalizm va yuksak harbiy tayyorgarlikka ega ekanligini namoyish etdi. Armiya musobaqalarida O`zbekistonning doimiy ishtirok etib kelayotganidan biz juda xursandmiz”, – dedi general Asim Munir.






