AsosiyJamiyat

Sirdaryolik Zulayho ona “Turkiya qutqaruvchisi” nomiga munosib ko`rildi. U zilziladan jabr ko`rgan turkiyaliklarga 20 million so`m miqdoridagi mablag` xayriya qilgan

'Sirdaryolik Zulayho ona “Turkiya qutqaruvchisi” nomiga munosib ko`rildi. U zilziladan jabr ko`rgan turkiyaliklarga 20 million so`m miqdoridagi mablag` xayriya qilgan'ning rasmi

Ma`lumki, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi va Suriyada "Asr falokati" nomini olgan zilzila sodir bo`ldi. Tabiiy ofat natijasida birgina qardosh Turkiyaning o`zida 40 mingdan ziyod odam betonlar ostida vafot etdi, yana 100 minglab insonlar uy-joyidan ayrildi. 

Talofotning ilk kunlarida O`zbekiston birinchilardan bo`lib Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilar yubordi. 

Bundan tashqari o`zbekistonlik ko`ngillilar tomonidan xayriya markazlari tashkil etilib zilziladan jabr ko`rgan turkiyaliklarga moddiy yordam pullari, oziq-ovqat va kiyim-kechak mahsulotlari yuborildi. 

E`tiborli jihati Sirdaryo viloyatida yashovchi 99 yoshli onaxon Zulayho Ismoilova Darakchi.uz'ga bergan intervyusida nafaqa pulini Turkiyadagi zilziladan jarblanganlarga yordam tariqasida yuborgan edi.

Zulayho ayaning o`g`li Muhammad Ismoilovning “Darakchi.uz”ga ma`lum qilishicha, onaxon “Turkiya qutqaruvchisi” nomiga munosib ko`rilgan.

Bu haqda shoir Muhammad Ismoilovning o`zi shunday deydi:

“Bugun men uchun quvonchli kun. 99 yoshli Zulayho hoji onam Ismoilovaga ‘Turkiya qutqaruvchisi’ degan faxriy yorliq va Turkiyadagi qutqaruvchilar kiyadigan jilet taqdim etishdi. Ko`ksim tog`day ko`tarildi. Aslida, hamma onalar qahramon. Onalar beshik tebratadi, onalar hech qachon tobut ko`tarmaydi. Dunyoning yarmi onalar bo`lsa, qolgan yarmini onalar dunyoga keltiradi. Onam Turkiyadagi zilzilani, devor ostida qolgan odamlarni ko`rib, ko`ziga yosh oldi. Turkiya dardini o`z dardiday qabul qildi. Onam Sardobadagi talafotda birinchilardan bo`lib yordamga shoshgandi. Endi esa, Turkiyaga borish niyatida. Iloho, hammamizning qahramon onalarimiz sog` bo`lsin. Shunday onalarimiz bor ekan, o`zbek millati dunyodagi eng buyuk millat bo`laveradi”, — deydi shoir bu haqda.

To`qqiz nafar farzandning onasi, nevara, chevara hamda evaralarining sevimli buvisi bo`lgan Zulayho aya Ismoilova birinchi darajali mehnat faxriysi bo`lgani uchun davlatdan 4,5 million so`m miqdorida nafaqa oladi.

“Turkiya xalqi boshiga og`ir ish tushibdi. Ularga judayam ichim achidi. Shunga nafaqamdan orttirgan pullarimni Turkiyadagi zilziladan jabrlanganlarga yuboryapman. Sal bo`lsa-da, yordamim tegsa, xursand bo`lardim. Alloh ularning mushkulini oson qilsin”, — degandi zilziladan jabrlanganlarga 20 million so`m miqdoridagi mablag` xayriya qilgan onaxon.

    Boshqa yangiliklar