AsosiyJamiyat

Surxondaryoda brakonerlar Qizil kitobga kiritilgan hayvonni ovlab, tabiatga 180 mln zarar etkazdi

'Surxondaryoda brakonerlar Qizil kitobga kiritilgan hayvonni ovlab, tabiatga 180 mln zarar etkazdi'ning rasmi

”Surxon” davlat qo`riqxonasi xodimlari noyob jonivor bo`lgan morxo`rning noqonuniy ovlanishi bilan bog`liq holatni fosh etishdi, deya xabar bermoqda Tabiat resurslari vazirligi.

Qayd etilishicha, 4 mart kuni soat 10:00 larda qo`riqxonaning asosiy maydoniga 3 nafar shaxsi noma`lum fuqaro noqonuniy ravishda kirgan. Holat yuzasidan qo`riqxona bosh mutaxassisi T.normurodov, qo`riqlash xodimlari B.Toshboltaev, I.Eshaliev va J.Eshalievlardan iborat tezkor reyd guruhi tuzilib, qo`riqxona hududida kuzatuv ishlari olib borilgan.

Kuzatuv ishlari davomida qo`riqxonaga yaqin hududda harakatlanib ketayotgan Nexia-2 rusumli avtomashina xodimlarda shubha uyg`otgan. Vandob mahallasida yashovchi fuqaro X.B.ga tegishli bo`lgan ushbu avtomashina to`xtatilib, yukxonasi ko`zdan kechirilganda bir bosh burama shoxli echki (morxo`r)ning go`shti bo`laklangan holda olib ketilayotganligi aniqlangan.

Surishtiruv ishlari davomida Sherobod tumanining Vandob mahallasida yashovchi fuqaro Sh.A. va Angor tumanida yashovchi fuqaro I.O`. qonunga xilof ravishda qo`riqxonaning Vandob bo`limi Darayg`ulsoy massividan ovchilik  ruxsatnomasi bo`lmagan «IJ-17-32» kalibrli bir stvolli ov miltig`i va 1 dona pnevmatik qurol bilan O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan 1 bosh morxo`rni otib nobud qilganligi ma`lum bo`lgan.

Aniqlangan holat bo`yicha «Surxon» davlat qo`riqxonasi, viloyat IIB, tuman IIB xodimlari va xolis guvohlar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda huquqbuzarlarga tegishli bo`lgan ov qurollari va fuqaro X.B.ga tegishli avtomashina tuman IIB xodimlariga topshirilgan.

Shuningdek, huquqbuzarlardan ovlangan morxo`r go`shti hamda 8 dona otilmagan va 4 dona ishlatilgan – jami 11 dona ov miltig`i o`qlari qonuniy to`xtamga kelgunga qadar xolis guvohlar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilib, ashyoviy dalil sifatida olingan

Noqonuniy ovchilarning yovvoyi hayvonot dunyosiga keltirgan zarari  180 000 000 (bir yuz sakson million) so`mni tashkil etgan.

Ma`lumot uchun: morxo`r (Capra falconeri) — O`zbekiston va xalqaro  Qizil Kitobiga kiritilgan, tog` echkilari urug`iga mansub noyob hayvon turi hisoblanadi.  Mazkur noyob hayvon turini nobud qilish O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo`ladi.

Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar