Qoraqalpog`istondagi ayrim maktablarda o`quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Jo`qorg`i Kenges matbuot xizmati.
Kenges raisi Amanbay Orinbaev rahbarligida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan Kegeyli tumanidagi 1, 8, 19 va 55-sonli umumta`lim maktablaridagi o`rganish ishlari davomida qo`pol xato va kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me`yorga javob bermasligi, shuningdek, ichimlik suvi bilan ta`minlanmagani, issiq choy bilan ta`minlash uchun esa sharoit to`liq yaratilmagani ma`lum bo`ldi.

«Eng achinarlisi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati o`rganilganda olma sharbati iste`molga yaroqsiz ekani, bundan tashqari, qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangani aniqlandi. Qolaversa, mahsulotlar maxsus avtomashinalarda emas, yo`lovchi transportida etkazib berilgan, turli maktablarda kundalik oziq-ovqat sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi tuzilmagan», — deyiladi xabarda.
Hozirda o`rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora ko`rish bo`yicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda.
«Aytish joizki, bolalarning ovqatlanishi talablari bajarilishi yuzasidan respublikamizning barcha maktablarida o`quv-tarbiya ishlari olib borilib, maktab direktorlari va aybdorlarga qattiq jazo choralari ko`rilmoqda», — deyiladi xabarda.







