Mamlakatimiz Bosh konsulligi hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi (TMMA) ko`magida Rostov viloyati xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlaridagi 47 nafar O`zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ular 2022 yil 18 oktyabr kuni Rostov viloyati xavfsizlik xizmati boshqarmasi va IIV Bosh boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tekshiruv tadbiri natijasida noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishgani tufayli Rostov viloyatidagi “Don” va “Novocherkassk” xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlariga joylashtirilgan.
Ushbu holat yuzasidan Bosh konsullikning Rossiya tomoni bilan olib borgan qator muzokaralari natijasida fuqarolarni O`zbekistonga chiqarib yuborishga erishildi.
Ma`lumot tariqasida shuni ham qayd etish joizki, 47 nafar mamlakatimiz fuqarosiga aviachiptalar O`zbekiston Respublikasi Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi” hisobidan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ko`magida xarid qilindi.






