AsosiyJamiyat

Nukusda 2 yashar bola doridan zaharlanib vafot etdi

'Nukusda 2 yashar bola doridan zaharlanib vafot etdi'ning rasmi

Joriy yilning 27 yanvar kuni soat 08:40 da 2020 yili tug`ilgan voyaga etmagan M.A va uning 2004 yilda tug`ilgan akasi B.B. respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filialiga zaharlanish tashxisi bilan tushgan. Bu haqda Qoraqalpog`iston Respublikasi Prokuraturasi xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, ko`rsatilgan shoshilinch tibbiy yordamga qaramasdan voyaga etmagan M.A. shu kuni shifoxonada vafot etgan, uning akasi B.B. ko`rsatilgan tibbiy muolajalardan keyin sog`ayib, 30 yanvarda uyiga ruxsat berilgan.

Voyaga etmagan B.B. kasalxonada shifokorlarga 25 yanvar kuni oziq-ovqat do`konidan tez tayyorlanadigan lapsha sotib olib, ukasi bilan birga iste`mol qilishganligini ma`lum qilgan.

Mazkur ma`lumotlarning haqqoniyligi qonunda belgilangan tartibda tekshirilmasdan turib, 28.01.2023 yilda ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahrida “Bolalar lapshadan zaharlangan” degan mazmunda noto`g`ri xabarlar tarqatilgan.  

Vaholanki, prokuratura organlari tomonidan tegishli mutaxassislar ishtirokida o`tkazilgan tekshirishda oziq-ovqat do`konida sotuvga qo`yilgan lapsha mahsulotlari muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lib, ular tarkibida toksik elementlar aniqlanmagan.

Mazkur holat bo`yicha 27 yanvarda Nukus shahar prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida zaharlangan fuqarolar xonadoni ko`zdan kechirilganda, omborxonasida saqlanayotgan qopda o`tkir hidli modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko`ra, M.A.ning o`limi organofosfor birikmasi (sipermetrin) bilan o`tkir zaharlanish va nafas olish etishmovchiligidan kelib chiqqanligi, qonida topilgan sipermetrin moddasi marhumning uyidan ashyoviy dalil tariqasida olingan modda tarkibi bilan bir xil ekanligi aniqlangan.

Voyaga etmagan B.B.ga nisbatan o`tkazilgan ekspertiza xulosasida ham, u aynan sipermetrin moddasi ta`sirida zaharlanganligi ko`rsatilgan.

O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligining 29.04.2014 yildagi 103-sonli bo`yrig`iga ko`ra, sipermetrin o`simliklarni zararkunandalardan himoya qilish vositasi sifatida foydalanishga ruxsat etilgan.

Holat yuzasidan so`ralgan voyaga etmagan B.B. o`z ko`rsatmasida otasi Q.B.ning ko`rsatmasiga asosan, 25 yanvar kuni uyining ichki qismi va atrofiga kemiruvchilarga qarshi o`tkir hidli moddani sepib chiqqanligini bayon qilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida xonadon egasi Q.B. o`g`li B.B.ning ko`rsatmalarini tasdiqlab, o`g`li sepganidan keyin qolgan moddalarni qopi bilan omborxonasiga saqlash uchun qo`yganligini bayon qilib, holat yuzasidan hech kimga e`tirozi yo`qligini bildirgan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko`ra, 22.02.2023 yili jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

    Boshqa yangiliklar