AsosiyJamiyat

Angren quvur zavodi 19,2 mln dollarga sotildi

'Angren quvur zavodi 19,2 mln dollarga sotildi'ning rasmi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko`ra, “Angren Pipe plant” MChJ ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini 19,2 mln AQSh dollariga “Natural Juice” MChJ va “Gross” AJ sug`urta kompaniyasi konsorsiumiga sotildi. Bunda korxonani mustaqil baholash “Baholash va konsalting markazi” MChJ tomonidan amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, ushbu korxonani sotib olish uchun Evropa, MDH va O`zbekistondagi investorlardan 5 ta arizalar kelib tushgan. Shunga ko`ra, eng yaxshi majburiyatga ega bo`lgan taklif “Natural Juice” MChJ va “Gross” AJ sug`urta kompaniyasi konsorsiumi tomonidan taqdim etilgan.

Ma`lumot uchun: "Gross” AJ sug`urta kompaniyasi 2011 yildan boshlab barcha 17 sug`urta toifalari bo`yicha faoliyat yuritib kelmoqda. Gross jamoasi 450 dan ortiq yuqori malakali mutaxassislardan iborat. Respublika bo`yicha 80 dan ortiq filiallar faoliyat ko`rsatib, ixtiyoriy va majburiy shakllardagi barcha 17 sug`urta toifalari bo`yicha 100 dan ortiq turdagi sug`urta mahsulotlarini taqdim etmoqda.

“Natural Juice” MChJ — 2004 yildan boshlab aseptik qadoqdagi sharbatlar va nektarlar ishlab chiqaradi. 15 dan ortiq omborlar va ishlab chiqarish maydonlari mavjud. 6 ishlab chiqarish maydoni,  1000 dan ortiq xodimlar, etkazib berish avtoparki, 200 gektardan ortiq ekin maydonlariga ega.

"Angren Pipe plant" MChJ – O`zbekistonda turli diametrli mis quvurlar ishlab chiqaruvchi korxona bo`lib, quvvati yiliga 8 000 tonnani tashkil etadi. Asosiy xom ashyo Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik tog`-kon va qayta ishlash korxonalaridan biri bo`lgan “Olmaliq KMK” AJ tomonidan asosiy metall tarkibi 99,99% (GOST 546) bo`lgan katodli mis etkazib beriladi. Kompaniyaning Markaziy ofisi Toshkent viloyati, Angren shahar, Ohangaron ko`chasida joylashgan. Korxona 2013 yildan tijorat faoliyatini boshlagan.

    Boshqa yangiliklar