AsosiyJamiyat

⚡️"Qamchiq" dovoni avtotransport vositalari uchun qayta ochildi

'⚡️"Qamchiq" dovoni avtotransport vositalari uchun qayta ochildi'ning rasmi

Xabaringiz bor, “Qamchiq” dovoni yopilganidan so`ng, kuchli qor yog`ishi sababli, ushbu yo`nalishning bir nechta qismlarida o`z-o`zidan qor ko`chishi kuzatildi. 

Respublika idoralararo shtabining tezkorlik bilan qabul qilingan dovonni yopish to`g`risidagi qarori tufayli qor ko`chkisi natijasida hech kim zarar ko`rmadi. Shu vaqt mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarligida ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tomonidan qor ko`chkilarining qayta ko`chish xavfini bartaraf etish bo`yicha ishlar olib borildi. 

Dovon yopilgandan so`ng oraliq hududda bo`lgan haydovchilar va yo`lovchilarga transport vositalarini xavfsiz joyga olib borishda yordam berildi. Shu vaqt ichida dovonning bir nechta joylarida barcha hohlovchilar uchun isitish punktlari ishlab turdi. 

Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish va ularning xavsizligini ta`minlash maqsadida, vodiy viloyatlariga borishni rejalashtirgan o`zbekistonliklar uchun “Angren” hamda “Ohangaron” vokzallarida «Ohangaron-Angren-Pop» qo`shimcha temiryo`l reysi amalga oshirildi.

Jami 1493 nafar yo`lovchi vagonlarga joylashtirilib, o`z manzillariga xavfsiz etib olishlari ta`minlangan.

Respublika idoralararo shtabining qarori bilan dovonning har ikki tomonida transportni kutayotgan odamlar uchun bir nechta qo`shimcha ikki tomonlama temiryo`l reyslari tashkil etildi. 

Eng muhimi, qor ko`chkilarini majburan tushurish bo`yicha ishlar amalga oshirildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining rahbarligida Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari yordamida 5 ta qorli tog` yonbag`irlari xavfsiz holatga keltirildi. Qamchiq dovonida avtotransport harakati soat 21:00 da tiklandi”, — deyiladi xabarda. 

Eslatib o`tamiz, qor ko`chkisi xavfini bartaraf etishda Favqulodda vaziyatlar vaziri A. X. Qo`ldoshev boshchiligida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, “O`zgidromet”, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ, “Qamchiqavtoyo`l” va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

    Boshqa yangiliklar