Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi Toshkent viloyati Chirchiq shahar "Do`stlik" MFY hududida joylashgan 4-sonli maktab binosi yorilib ketgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur ob`ektda shu kunga qadar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan nazorat tadbirlari muntazam olib borilib, qurilish-montaj ishlari sifati ustidan pudratchi, loyihachiga 2 marta yozma ko`rsatma berilgan hamda ular ijrosi ta`minlangan.
Keyinroq ob`ektni foydalanishga topshirish bo`yicha ishchi komissiya a`zolari va inspeksiya tomonidan berilgan kamchiliklar pudratchi tomonidan to`liq bartaraf etilmagani sababli hozirgi kunda ushbu foydalanishga topshirish bayonnomasi inspeksiya tomonidan rasmiylashtirilmagan.
"Binoning texnik holatiga keladigan bo`lsak, uning tashqi devoridagi yoriqlar sabab tom qismidan tushayotgan yomg`ir suvlari binoning poydevor qismiga ketayotgani oqibatida poydevorda cho`kish yuzaga kelgan. Bugungi kunda yuzaga kelgan yoriqlar pudratchi tomonidan ta`mirlangan. Pudratchiga bahorgi ta`til vaqtida qayta to`liq ta`mirlash bo`yicha ko`rsatma ham taqdim etilgan", deyiladi munosabatda.
Qurilish ob`ektida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishchi loyiha hujjatlariga asosan 120 o`rinli qo`shimcha bino qurilishi ko`rsatilgan bo`lib, ushbu bino qurilishi bosh rejada ko`rsatilgan hududda ko`p yillik daraxtlarni kesishning imkoni bo`lmagani sababli avval belgilangan joydan boshqa erga ko`chirilgan. Qurilish jarayonida kiritilgan o`zgartirishlarga buyurtmachi tomonidan 2020 yil mart oyida bayonnoma rasmiylashtirilgan.






