Sog`liqni saqlash vazirligi mamlakatda epidemiologik vaziyatning og`irlashib borayotganinidan kelib chiqib, tadbirkorlarga alohida murojaat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, pandemiyaning aholi turmush darajasi va mamlakat iqtisodiga salbiy ta`sirini oldini olish hamda rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib yurtimizda ommaviy emlashga alohida e`tibor berilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2021 yil 17 iyuldagi 11-son qarorida 18 yoshdan katta aholi qatlamini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash belgilangan.
O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 113-moddasiga ko`ra, xodim emlanishni rad etsa, ish beruvchi uni ishga qo`ymaslikka haqli.
Shularga ko`ra, Sizdan xodimlaringizning 2022 yil 20 yanvarga qadar koronavirusga qarshi emlanishini ta`minlashingizni hamda sababsiz emlanmaganlarni ishga qo`ymaslik choralarini ko`rishingizni so`raymiz.
Ma`lumot uchun:
emlashga qarshi tibbiy ko`rsatmalari bor fuqarolar bundan mustasno. Tibbiy cheklovlar ro`yxati Sog`liqni saqlash vazirligining internetdagi resurslarida mavjud.
20 nafardan ortiq emlanuvchisi bor tashkilotlarga esa sayyor emlash brigadasini jalb etish imkoniyati ham yaratilgan.
Eng muhimi, emlash bepul amalga oshiriladi.
Emlash masalalari bo`yicha murojaat uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining telefon raqami:
78-888-01-01
"Hurmatli ishbilarmon va tadbirkorlar!
Vaksinasiya nafaqat pandemiya bilan bog`liq cheklovlarga ehtiyoj qoldirmay, iqtisodiyotimizning uzluksiz rivojlanishiga xizmat qiladi, balki Siz, yaqinlaringiz, xodimlaringiz hamda mijozlaringiz salomatligi himoyasi uchun ham eng muhim choradir.
Kasallik keng tarqalishining oldini olishda, bu sinovli kunlardan omon-eson o`tishimizda o`z hissangizni qo`shing", - deyiladi SSV murojaatnomasida.






