Sog`liqni saqlash vaziri yarim tunda "103" faoliyatini o`rgandi. Bu haqda SSV matbuot kotibi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tez yordam” xodimlarining ish yuklamasi va kelayotgan murojaatlar sonining kunma-kun oshib bormoqda. Masalan, Toshkent shahar “103” xizmatiga 12 yanvarda 4888 ta murojaat kelib tushgan.
"Mavjud vaziyatni yaqindan o`rganish maqsadida sog`liqni saqlash vaziri B. Musaev bugun tungi soat 03:00 larda Toshkent shahar tez yordam stansiyasida bo`lib, u erdagi Call-markaz hamda tez tibbiy yordam xodimlari ish jarayoni bilan tanishdi",-deya ma`lum qilinadi.
Ta`kidlanishicha, “103” xizmatiga chaqiriqlar soni ortgani va ish yuklamasi ko`payib borayotgani sababli shu soatning o`zidayoq vazir topshirig`i bilan qo`shimcha tarzda 40 ta zamonaviy jihozlangan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchilari bilan birga xizmat tasarrufiga biriktirib berildi.
Bundan tashqari, Call-markaz ish samaradorligini oshirish uchun 30 ta yangi operator o`rni yaratilgani aytiladi.
Ma`lum qilinadiki, endi tez yordam brigadalarining tezkorligi va samaradorligini oshirish maqsadida ular qo`shimcha 100 dona planshet bilan ham ta`minlanadi.
Shuningdek, brigadalar uchun bugun ertalabdan zarur miqdorda koronavirusga qarshi dori-darmonlar bo`lgan “Covid-box”lar ajratiladigan bo`ldi.






