AsosiyJamiyat

Adliya ko`magida tibbiyot xodimlarining murojaati ijobiy hal etildi

'Adliya ko`magida tibbiyot xodimlarining murojaati ijobiy hal etildi'ning rasmi

Pandemiya davrida shifokorlar mehnatini insonlar ham ko`proq qadrlay boshladi. Hayotimiz va salomatligimiz yo`lida o`z huzur-halovatidan kechib xizmat qilayotgan sharafli kasb egalarini har qancha e`tirof etsak arziydi.

Biroq pandemiya davom etayotgan bo`lsada, tunu-kun mehnat qilib kasallikka qarshi kurashishda jasorat ko`rsatayotgan salomatlik posbonlarining haq-huquqlari buzilayotgani achinarli hol.

G.Sultonova Guliston shahar sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati bo`limida faoliyat yuritadi. U va yana 14 nafar hamkasbiga Prezidentimizning 2020 yil 24 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi qaroriga asosan pandemiya davrida oylik maoshiga 35 foiz miqdorida qo`shimcha to`lovlar to`lab kelingan edi. Biroq ushbu to`lovlar 2021 yil yanvar oyidan boshlab to`lanmadi. Fuqaro G.Sultonova va boshqalar Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.

Mazkur murojaat mas`ullar tomonidan o`rganildi. Xodimlarning e`tirozlari o`z tasdig`ini topdi. Qarorga asosan lavozim maoshiga mehnatning sog`liq uchun xavfliligi va og`ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo`shimcha to`lovlar miqdorini tegishli 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, mehnatga haq to`lash razryadlari bo`yicha tarif koeffisientini 5 foizga oshirgan holda to`lovlar 2021 yil yanvar oyidan to`xtatib qo`yilganligi aniqlandi. 
O`rganish natijasi bo`yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmasiga aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida ularga yo`l qo`ymaslik maqsadida huquqiy ta`sir chorasi sifatida ijrosi majburiy bo`lgan taqdimnoma kiritildi.

Adliya boshqarmasi aralashuvi bilan mazkur murojaat qanoatlantirildi. G.Sultonova va yana 14 nafar xodimga 2021 yil yanvar-may oylari uchun lavozim maoshiga 35 foiz jami 42 826 017 so`m miqdoridagi qo`shimcha to`lovlar to`lab berilishi ta`minlandi. 

    Boshqa yangiliklar