Polo – betakror va ajoyib sport turlaridan biri. Ushbu murakkab va qiziqarli jamoaviy o`yin turi sportchilardan tana va otni mohirlik bilan, mukammal darajada boshqarish hamda yuqori konsentrasiyani talab qiladi.
Poloning kelib chiqishi ulug` ajdodlarimizga borib taqalsa-da, uning sport turi sifatida shakllanish tarixi Buyuk Britaniya bilan bog`lanadi. Ingliz mustamlakachilari Hindistonni zabt etishgach, ushbu o`yinni Britaniyaga olib ketishadi. Evropada zamonaviy ot poygasi muxlislari jamoaviy o`yinning yangi qoidalarini o`ylab topishadi va uni mukammal sport turi sifatida dunyoga olib chiqadi.
O`zbekiston hududlarida polo sport turiga poydevor vazifasini o`tab bergan chavgon o`yini bilan qadimdan shug`ullanib kelgan, zero ota-bobolarimiz orasida ot poygasi, uloq-ko`pkari kabi etnosport turlari keng ommalashgan bo`lsa-da, biroq mamlakatimizda zamonaviy sport turi sifatida ot polosi yaqindan rivojlana boshlagan.
Jumladan, 2018-yildan Qashqadaryo va Farg`ona viloyatlarida polo o`ynash uchun qulay bo`lgan polo-poni va qorabayir otlarini ko`paytirishga bag`ishlangan yangi zamonaviy majmualar ochish boshlandi. 2020-yilga kelib O`zbekistonda polo federasiyasi ochildi.
2021-yil 5-avgustdagi “O`zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to`g`risida”gi Prezident qarori esa yurtimizda poloni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalarning ijrosi doirasida O`zbekiston polo federasiyasi tomonidan 2022-yil 9-yanvar kuni Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida “Amirsoy Polo Cup-2022” musobaqasi tashkil etiladi. Musobaqa O`zbekistonda ushbu sport turini keng ommalashtirish va yurtimizda ot polosini rivojlantirish maqsadida o`tkazilmoqda.
Eslatib o`tamiz, ot polosi bo`yicha musobaqa 2021-yil yanvar oyida ham “Amirsoy Resort” tog` majmuasida o`tkazilgan edi. Musobaqa dengiz sathidan 1 820 metr balandlikda bo`lib o`tadi va O`zbekistonning baland tog`li hududida o`tkazilgan qor polosi bo`yicha jahon tarixidagi ilk musobaqaga aylanadi.






