Namangan shahrida 2005-2006 va 2007-2008-yillarda tug`ilgan qizlar o`rtasida O`zbekiston chempionati bahslari bo`lib o`tdi.
5 noyabrda start berilgan musobaqada har ikki yosh toifasidagi jamoalar g`oliblik uchun bahs olib borishdi va bugun, 10 noyabr kuni mazkur chempionat g`oliblari aniqlandi.
2005-2006-yillarda tug`ilgan qizlar o`rtasidagi bahslarda 1-o`rinni mezbonlar, Namangan viloyati vakillari qo`lga kiritishdi. Ular finalda Xorazm viloyati jamoasini mag`lubiyatga uchratdi. Toshkent va Andijon viloyati vakilalari esa 3-o`ringa sazovor bo`lishdi.
2007-2008-yillarda tug`ilgan qizlar o`rtasida esa andijonlik voleybolchilarga teng keladigan raqib topilmadi. Ular hal qiluvchi bahsda Qoraqalpog`iston Respublikasidan kelgan tengqurlaridan ustun kelishdi. Sovrindorlar uchligiga Xorazm va Samarqand viloyati voleybolchi qizlari yakun yasab berishdi.
Musobaqalar yakunida g`olib va sovrindor jamoalarni tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Biz barcha g`olib va sovrindor jamoalarni samimiy muborakbod etamiz.






