AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ehtiyojmand oilalarga yordam ko`rsatish bo`yicha Latviya tajribasi o`rganilmoqda

'O`zbekistonda ehtiyojmand oilalarga yordam ko`rsatish bo`yicha Latviya tajribasi o`rganilmoqda'ning rasmi

O`zbekistonda yordamga muhtoj fuqarolarga ko`mak berish bo`yicha konsalting markazlari tashkil etildi. Ularning faoliyatini yo`lga qo`yishda «Centrs MARTA» (Latviya) jamiyatining uzoq yillik tajribasi va ilg`or amaliyotiga tayanildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mamlakatimizning Rigadagi elchixonasi ma`lumotlariga ko`ra, Latviya tajribasini joriy etish Evropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi va Latviya tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtirilayotgan va 2024 yilgacha mo`ljallangan O`zbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlari ko`rsatish va boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. Markazlar faoliyati O`zbekiston Davlat xizmatlari agentligi tomonidan qo`llab-quvvatlanmoqda.

Loyihadan ko`zlangan maqsad aholining ko`makka muhtoj qatlamlari (yoshlar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironlar va boshqalar) uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilashdan iborat. Birinchi navbatda, respublika hududlarida xizmat ko`rsatish sifatini oshirish maqsadida jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, mahalla va oilalar, shuningdek, ijtimoiy xizmat markazlari bilan o`zaro hamkorlik darajasi oshirilmoqda.

Loyiha doirasida sentyabr oyida «Centrs MARTA» ekspertlari O`zbekistonda bo`lib, o`quv seminari o`tkazgan. Kecha, shuningdek, Termiz, Sho`rchi va Dehqonobod tumanlari vakillari ishtirokida ixtisoslashtirilgan trening boshlangan.

2000 yilda tashkil etilgan «Centrs MARTA» nodavlat notijorat tashkiloti Latviya xotin-qizlari manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek,  ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va gender tenglikni rag`batlantiradi. Bundan tashqari ushbu NNT Latviyada ta`lim, kasbiy rivojlanish, huquqiy yordam, psixologik qo`llab-quvvatlash va boshqa xizmatlarni ko`rsatadi.

Markaz O`zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Xususan, o`tgan yili mazkur tashkilot  mamlakatimizda «COVID-19 tarqalishi bilan bog`liq global inqiroz davrida zo`ravonlik pandemiyasi: xatarlar, ogohlantirishlar, echimlar» mavzusidagi mintaqaviy loyihani amalga oshirdi. Loyihaning maqsadi COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda O`zbekiston (shuningdek, Qirg`iziston va Tojikiston) xotin-qizlarini qo`llab-quvvatlashdan iborat bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar