Mamlakatimizda har yili 300 mingga yaqin nikohlar qayd etilmoqda, aholimiz kelgusi besh yilda 38 millionga etishi kutilmoqda. Misol uchun, so`nggi 30 yilda Namangan, Termiz va Xonabod shaharlari aholisi 2 baravarga, Qarshi, Jizzax, Marg`ilon, Nukus, Andijon, Zarafshon va Quvasoy aholisi 1,5 baravarga o`sgan. Samarqand va Namangan shaharlari aholisi 1 milliondan oshadi, bu ham haqiqat. Co`nggi yillarda yurtimizda, ipoteka dasturlari doirasida, 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni oldingi yillarga solishtirganda, 10 martadan ham ko`p demakdir.
Bu raqamlar prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokidagi aholini sifatli uy-joy bilan ta`minlash, ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash masalalariga qaratilgan navbatdagi videoselektor yig`ilishida keltirildi.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning yig`ilishdan ma`lum qilishicha, respublika hududlari bo`ylab “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yilda “Yangi O`zbekiston massivlari” barpo etiladi.
Bu qanday qilinadi? Prezidentning ta`kidlashicha, kelgusi 5 yilda “Yangi O`zbekiston massivlari” tamoyili asosida 250 mingdan ziyod (yiliga 80 ming atrofida) xonadonlar qurilishi reja qilingan bo`lib, bunda har bir massivga ajratiladigan er uchastkalarida sanoat loyihalari, xizmat ko`rsatish ob`ektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda quriladi.
Misol uchun, G`ijduvon tumanida 55 ming xonadon bo`lib, 5 mingdan ortiq oila uy-joyga muhtoj. Shuningdek, 14 ming nafar aholi ishsiz. Tumandagi 39 ta maktab 2 smenada ishlamoqda, 15 ta bog`chaga talab mavjud.
Keltirilishicha, kuni kecha qabul qilingan qarorga asosan, “G`ijduvon erkin iqtisodiy zonasi” hududiga qo`shimcha 200 gektar maydon ajratildi. Bu erda kelgusi ikki yilda 200 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 6 mingta ish o`rinlari yaratish reja qilingan. Ushbu massivga suv, kanalizasiya, elektr tarmoqlari olib borish, ijtimoiy ob`ektlar qurish uchun, kelgusi ikki yil davomida 50 milliard so`m talab etiladi.
Xuddi shu kabi, Chustdagi “Gulzor”, Urgutdagi “Mergancha”, Jarqo`rg`ondagi “Qorayantoq”, Farg`ona tumanidagi “Mingdonobod”, Chirchiqdagi “Iftixor” mahallalari atrofida kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 ta loyihani amalga oshirish hamda 7,5 mingta ish o`rinlari yaratish belgilab olingan.
Shuningdek, har bir hududda kamida 3 tadan er maydonlari aniqlanib, jami 40 ta uy-joy massivlarini barpo etiladi.Bunda, erlar ochiq auksionga chiqariladi va qaysi tadbirkor uyning narxini arzon qilib berish majburiyatini olsa, unga afzalliklar beriladi.






