AsosiyJamiyat

Mirziyoevning iqlim o`zgarishlariga qarshi kurash sohasidagi tashabbuslari BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi forumida taqdim etildi

'Mirziyoevning iqlim o`zgarishlariga qarshi kurash sohasidagi tashabbuslari BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi forumida taqdim etildi'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Bosh Assambleya 76-sessiyasi raisi Abdulla Shahid tashabbusi bilan chaqirilgan gibrid shakldagi “Iqlim sohasidagi sa`y-harakatlarni amalga oshirish: insonlar va sayyora  manfaati, farovonlik uchun” mavzusidagi yuqori darajadagi uchrashuv bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Bosh Assambleyaning 76-sessiyasi raisi Abdulla Shahid, davlat/hukumat rahbarlari va vazirlar darajasida 70 dan ortiq mamlakat delegasiyalari, shuningdek, UNEP, ECOSOC, UNICEF, UNFCCC rahbariyati, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Yig`ilish doirasida iqlim o`zgarishining dolzarb masalalari, jumladan, moliyaviy, texnik va ilmiy resurslarni global isishni 1,5 daraja atrofida saqlab qolish uchun samarali safarbar etish yo`llari ko`rib chiqildi. Shuningdek, Parij bitimi va boshqa iqlimga oid hujjatlarda belgilangan maqsadlarni amaliy jihatdan ro`yobga chiqarishda global hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Bosh Assambleya raisi Abdulla Shahid forumni ochar ekan, iqlim o`zgarishining salbiy ta`siri, jumladan, okeanlar sathi ko`tarilib borayotgani va buning oqibatida, masalan, uning vatani Maldiv orollari kabi orol davlatlarga nisbatan yuzaga kelayotgan tahdidlarga e`tibor qaratdi.

Uning fikricha, agar birgalikda harakat qilinsa, bu va boshqa qiyinchiliklarni engib o`tish mumkin. “Forumimiz shundan dalolat beradiki, agar biz hamjihatlikda ish olib borsak, ilmiy ma`lumotlar va ixtiyorimizdagi ko`plab resurslardan oqilona foydalansak, amaliy natijalarga erishishimiz mumkin”, - dedi u.

Bosh kotib Antoniu Guterrish Bosh Assambleya tarkibiga kiruvchi barcha 193 delegasiya umumiy xavf qarshisida kuchlarni birlashtirishi mumkinligini urg`uladi. U mushtarak sa`y-harakatlarni faollashtirish va Glazgoda bo`lib o`tadigan iqlim mavzusidagi xalqaro anjuman imkoniyatlaridan umumiy rejalarni amalga oshirishda samarali foydalanishni taklif qildi. Bosh kotib xalqaro hamjamiyatni birdamlikka chaqirib, rivojlanayotgan mamlakatlarda iqlim o`zgarishiga qarshi kurash uchun har yili 100 milliard dollar ajratish majburiyatining ijrosini ta`minlashni eslatib o`tdi.

Forumda O`zbekistonning BMTdagi Doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov so`zga chiqib, mamlakatimiz Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida iqlim o`zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish sohasida ilgari surgan muhim tashabbuslari haqida ishtirokchilarga ma`lumot taqdim qildi.

O`zbekistonning Parij bitimi maqsadlariga erishish yo`lidagi qat`iyatiga urg`u berildi. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan qayta tiklanadigan energiya manbalariga o`tish bo`yicha ko`rilayotgan amaliy chora-tadbirlar alohida qayd etildi. O`zbekiston 2030 yilga borib mamlakat iqtisodiyotining energiya samaradorligini ikki barobarga oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini 25 foizga etkazish va ekologik toza transportni rivojlantirishni rejalashtirayotgani bildirildi.

Iqlim o`zgarishiga qarshi kurashda dunyo yangi bosqichga kirayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbarining BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini yaratadigan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish bo`yicha taklifi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

O`zbekiston yaqin kelajakda bio xilma-xillik bo`yicha global hadli dasturning qabul qilinishini qo`llab-quvvatlayotgani ta`kidlandi. Shu munosabat bilan O`zbekiston Biologik xilma-xillik to`g`risidagi Konvensiya a`zo tomonlari majlislaridan birini respublikada o`tkazishga tayyorligi tasdiqlandi.

Yig`ilganlar e`tibori Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik halokatga ham qaratildi. Elchi mazkur tabiiy ofatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha O`zbekiston tomonidan amalga oshirilgan keng ko`lamli chora-tadbirlarni ta`kidlab, xalqaro hamjamiyatning Orolbo`yi mintaqasiga moliyaviy-texnik yordam ko`rsatish borasidagi sa`y-harakatlarini muvofiqlashtirishga chaqirdi. BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil may oyida O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan “Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish to`g`risida”gi maxsus rezolyusiyasi bu yo`nalishda asos bo`lib xizmat qilishi alohida ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar