«Xalqaro media xoll»da «Markaziy Osiyoda yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini o`rnatish, O`zbekistonning pragmatik tashqi siyosati» ekspertlik platformasi o`tkazildi.
Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini xolis va haqqoniy yoritishni ta`minlashga munosib hissa qo`shish maqsadida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA) tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari ko`magida “Xalqaro media-xoll” tashkil qilingan.
Media-xoll kun tartibidan ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi anjumanlar, siyosiy partiyalar vakillari bilan debatlar, turli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirokida davra suhbatlari, matbuot anjumanlari, madaniy-ma`rifiy tadbirlar, milliy filmlar namoyishlari, kreativ loyihalar taqdimotlari o`rin olgan.
Mazkur ekspertlik platformasi Markaziy Osiyoda so`nggi yillarda ro`y berayotgan o`zgarishlar, qo`shni mamlakatlar o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va bunda O`zbekistonning ishtiroki atroflicha muhokama qilindi.
Anjumanda so`zga chiqqan O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bosh direktori Jaloliddin Safoev, tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Furqat Siddiqov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o`rinbosari Baxtiyor Mustafoev O`zbekistonning qo`shni mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani, bu esa, mintaqadagi tinchlik , xavfsizlik va hamkorlik rivojida muhim o`rin tutishini ta`kidladilar.
–So`nggi besh yil Markaziy Osiyo mamlakatlarining o`zaro integrasiyasi tarixida muhim o`rin tutadi, – dedi Tashqi ishlar vazirining o`rinbosari F.Siddiqov. – 2017 yilga qadar O`zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalari hajmi yiliga o`rtacha 2,7 milliard dollarni tashkil qilgan bo`lsa, 2020 yilga kelib bu ko`rsatkich 5.2 milliard dollarga etgan. 1996-2016 yillar mobaynida yurtimizda qo`shni mamlakat sarmoyalari ishtirokida 300 ta atrofida qo`shma korxona faoliyat ko`rsatgan bo`lsa, bugungi kunda ularning soni 150 dan oshib keldi.
Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari o`z nutqida, shuningdek, so`nggi yillarda O`zbekistonning tashabbusi bilan mintaqada turizmning yangi yo`nalishi – Markaziy Osiyo ichki turizmi paydo bo`lganini ta`kidladi.
Anjumanda bu o`zgarishlar oddiy insonlar hayotiga ham katta ta`sir qilayotgani, viza tizimi, yaqin qarindoshlar o`rtasidagi bordi-keldi aloqalari tiklangani alohida qayd etildi.






